O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni kechqurun Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqich qurilishini borib ko‘rdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

«Do‘stlik-2» (sobiq Chkalov bekati yaqinida) va Qo‘yliq stansiyalarini bog‘lovchi uzunligi 11,5 kmlik 7 ta stansiyadan iborat liniyaning birinchi qismi 2020 yil avgust oyida ochilgandi. Bu yo‘l 17 daqiqada bosib o‘tiladi. «O‘zbekiston 24» telekanali xabariga ko‘ra, mazkur liniya kuniga 22 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.


2020 yil dekabr oyida uzunligi 6,3 km bo‘lgan 5 ta bekatdan iborat Chilonzor yo‘lining Sergeli tarmog‘ini yotqizish ishlari ham yakunlangandi.

Yer usti halqa metrosi qurilish loyihasining ikkinchi bosqichida Qo‘yliqdan Sergeliga qadar bo‘lgan yo‘nalishni uzaytirish ko‘zda tutilgan. Loyiha qiymati 127,5 million dollarni tashkil etadi. Bular respublika budjeti va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘laridir.

Dastlab, Qo‘yliqdan Sergelining «Quruvchilar» massivigacha 5 ta yangi stansiyadan iborat, uzunligi 8,5 km bo‘lgan, yer usti metro yo‘nalishi quriladi. Poyezdlar stansiyalarda 15 soniya turishi hisobga olinsa, oraliq 13 daqiqada bosib o‘tilishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.


Ayni paytda 8 va 12-bekatlar oralig‘ida 205 ta tayanch va rigellar o‘rnatilib, estakadalar qurilishi davom etmoqda. Birinchi marta egri burchak qismini qurishda (rasmda) estakadani o‘rnatishning monolit usuli qo‘llanilgan. Qurilishga 1100 dan ortiq mutaxassislar, 75 dan ortiq qurilish texnikasi va mexanizmlar jalb etilgan.

Toshkent transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev telekanalga bergan intervyusida halqa liniyaning 12-bekati («Quruvchi») va Sergeli yo‘nalishining 5-bekati («Qipchoq») oralig‘ida elektrobuslarda bepul qatnov yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Keyinchalik xalqa liniyasining yana 2 ta stansiyasini qurish rejalashtirilgan va ikkinchi bosqichning umumiy uzunligi qariyb 12 kmga yetadi.

Yangi yo‘nalishda kuniga 40 mingga yaqin yo‘lovchi tashish rejalashtirilgan. Umuman olganda, yo‘nalish poytaxtning Yashnobod, Mirobod, Sergeli va Yangixayot tumanlaridagi 62 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 244 ming nafar aholisini qamrab olishi kerak.


Bundan tashqari, Toshkent viloyati tumanlarining 428 ming nafar aholisi shahardagi kerakli joylarga tez yetib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deyiladi xabarda.

«Rohat» bekati hududida viloyat aholisiga boshqa transportdan metroga o‘tish imkonini beruvchi transport o‘zgartirish uzeli tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, poytaxt mehmonlari o‘z avtomobillarini qoldirib, metro orqali shahardagi kerakli manzilga yetib olishlari uchun 6 ta to‘xtash joyi qurish rejalashtirilgan.

Ikkinchi bosqich ishga tushirilishi bilan metropoliten liniyalarining umumiy uzunligi 70 kmga, stansiyalar soni esa 48 taga (yana 2 ta bekat ishga tushirilganda 50 taga) yetadi, deyiladi xabarda. Tashiladigan yo‘lovchilar soni 450 mingdan 600 mingga oshishi kutilmoqda.


Rasmiylar bu shaxsiy transport vositalaridan foydalanishni qisqartirib, poytaxt ko‘chalarida oqimni kamaytirishini kutmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, «Qo‘yliq — Sergeli» yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 32 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi mumkin, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abdurahmonov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida, agar qator chora-tadbirlar amalga oshirilsa, metropolitendagi yo‘lovchilar oqimini kuzgacha 600 mingga (yil oxirigacha 800 mingga) yetkazish mumkinligini aytdi. Universitet mutaxassislari 38 mingdan ortiq respondentning fikrini o‘rganib, xorijlik ekspertlar bilan birgalikda tavsiyalar ishlab chiqqan. Ular orasida qo‘shimcha jamoat transporti yo‘nalishlari ochish va ularni yo‘lovchi kam metro bekatlariga bog‘lash, poyezdlar vagonini 5 ta qilish va qatnov oralig‘ini qisqartirish, veloshering stansiyalarini qurish va boshqalar mavjud.

Odil Abdurahmonovning qayd etishicha, Toshkentga har kuni 9 ta yo‘nalishdan 800 mingdan ortiq kishi kirib keladi. Ish to‘g‘ri tashkil etilsa, shundan 167 ming kishini metroga yo‘naltirish mumkin, deydi rektor. Shaharga kirib keluvchi yengil avtomobillar soni 97 mingtagacha, magistral ko‘chalarda tirbandlik 10 foizgacha kamayishi mumkin. Toshkent viloyatidan poytaxtga 9 yo‘nalishda ekspress-yo‘nalish avtobus qatnovini tashkil etish taklif qilinmoqda.

«Prezident mahallalar aholisining metroga kelib-ketishi uchun qulayliklar yaratish, bekatlar yonida avto va veloturargohlar tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Jamoat transporti uchun yana elektrobuslar olib kelish va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar tayyorlash, tramvay yo‘li qurilishini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev tramvay liniyasi qurilishini tezlashtirish bo‘yicha ham topshiriq berdi, deyiladi xabarda. Lekin, prezident matbuot xizmati va «O‘zbekiston 24» telekanali bu borada batafsil ma’lumot bermagan.

Xalqa metro liniyasi loyihasi 2017 yilda ishga tushirilgan (dastlab shahar elektr poyezdini qurish rejalashtirilgan edi). Uning umumiy uzunligi 54,8 km bo‘lib, jami 35 ta stansiya qurish rejalashtirilgan. Bu liniyani bir necha bosqichda — «Do‘stlik» metro bekatidan «Qo‘yliq» bozorigacha, so‘ngra «Olmazor» — «Beruniy» — «Bodomzor» — «Do‘stlik» bekatlarigacha yotqizish rejalashtirilgan edi. Loyiha vaqti-vaqti bilan yangilanmoqda. Uning yakunlanishining aniq muddati noma’lum.