O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev transport sohasiga xususiy investorlarni jalb etish borasidagi ishlar sust borayotganini tanqid qildi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Prezident aeroportlarga xususiy sheriklik asosida investorlarni jalb qilish ishlari, shuningdek, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi tez yurar avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha xususiy sheriklik loyihalari ham qoniqarsizligini ta’kidladi.

Prezident «hududlar o‘rtasida avia, temir yo‘l va avtotransport qatnovlarini ko‘paytirish ishlari «o‘z holiga tashlab qo‘yilgani»ni ko‘rsatib o‘tib, transport vaziri Ilhom Mahkamovga «oxirgi marta ogohlantirish» berdi.

Transport vazirligi va «Uzbekistan Airports»ga:

  • 1 iyulga qadar aeroportlarga xususiy sheriklik asosida investor hamda ichki aviaqatnovlar uchun loukosterlarni jalb qilish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash;
  • 1 avgustga qadar ichki aviaqatnovlarni haftasiga 90 taga ko‘paytirish (aprel oyida bu ko‘rsatkichni yil oxirigacha 48 dan 60 ga oshirish rejalari e’lon qilingan edi) topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, temir yo‘l tizimi transformatsiyasini jadallashtirish zarurligini qayd etdi.

Avtomobil yo‘llari sohasida qurilish sifati va ajratilayotgan mablag‘lar nazorati bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning oxirida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda pullik yo‘llarni DXSH asosida joriy qilish nazarda tutilgandi. Bir yil o‘tib, sobiq transport vaziri El’yor Ganiyev Toshkent-Samarqand pullik trassasining qurilishi yo‘nalishning investor tomonidan ko‘rsatilgan narxi qimmatligi sababli kechikayotganligini ma’lum qilgandi.

2021 yil mart oyi oxirida esa Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar (DTIA) Jahon banki konsultantlari tomonidan ishlab chiqilgani aytilgandi. O‘sha paytda loyihalashtirilayotgan Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pullik yo‘llaridan o‘tish narxi 5−6 dollar (ekvivalentda) atrofida bo‘lishi ta’kidlangandi.