Qozog‘iston hududida koronavirus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha Idoralararo komissiya qarori bilan 8 iyundan boshlab mamlakat chegarasini kesib o‘tishda PZR test yoki COVID-19`ga qarshi emlanganlik hujjatiga ega bo‘lish bo‘yicha talabi bekor qilinmoqda. Qaror Qozog‘iston fuqarolari va horijiy fuqarolarga ham birdek taalluqli.

Bundan tashqari, komissiya qarori bilan Qozog‘iston chegarasining ayrim uchastkalarida mamlakatning 7 ta viloyatidagi 12 ta vaqtinchalik yopilgan avtomobil o‘tkazish punktlarining ishi tiklanadi.

Avvalroq xuddi shunday qaror Turkiya tomonidan ham qabul qilingan edi. 1 iyundan boshlab mamlakatga kirishda manfiy PZR test yoki emlanganlik haqidagi hujjatni ko‘rsatish bekor qilindi.

Avstriya ham 16 maydan boshlab xorijlik sayyohlar uchun koronavirus bilan bog‘liq barcha cheklovlarni bekor qildi. Chegaradan o‘tishda endi emlanganlik sertifikati, kasallik guvohnomasi yoki PZR testini taqdim etish shart emas.

Ma’lumot o‘rnida bugungi kunda Qozog‘istonda 1 305 798 ta koronavirus yuqishi holatlari aniqlangan va 13662 nafar inson kasallik asoratlaridan vafot etgan.