4−5 iyun kunlari Avstriyaning Grats shahrida dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Yevropa ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi, unda o‘zbekistonlik atletlar 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi MOQ.

Musobaqada qiz bolalardan -48 kg vazn toifasida Halimajon Qurbonova, +57 kg vazn toifasida Shukurjon Aminova hamda o‘g‘il bolalardan -90 kg vazn toifasida Jahongir Mamatrahimov bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

Shuningdek, chempionatda ishtirok etgan o‘zbekistonlik dzyudochilar -100 kg vazn toifasida Muhammadqodir Mansurov va +100 kg vazn toifasida Islombek Ravshanqulov 5-o‘rinni band etgan bo‘lsa, Irisxon Qurbonboyeva -78 kg vaznda 7-o‘rin bilan kifoyalandi.

O‘z navbatida, bronza medali uchun har bir sportchi 160 tadan qimmatli reyting ochkosiga ega bo‘ldi.

Musobaqada jami 37 davlatdan 511 nafar — 326 nafar erkak va 185 nafar ayol sportchi ishtirok etdi.

Avvalroq, Gruziyaning Tbilisi shahrida bo‘lib o‘tgan dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» musobaqasida o‘zbekistonlik atletlar bitta kumush va to‘rtta bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.