Prezidentning 6 iyundagi «Oliy sport mahorati instituti faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni prezident saytida e’lon qilindi.

Unda O‘zbekistonda Oliy sport mahorati instituti faoliyati tashkil etilgani, инститuт davlat oliy ta’lim muassasasi shaklida bo‘lishi va professional ta’lim tizimini tamomlagan bitiruvchilar 3 yil o‘qishi ma’lumot o‘rnida qayd etilgan.

Institutga olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zosi bo‘lgan yoshlarni ularning sport natijalariga qarab hamda seleksiya bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Institut Sportni rivojlantirish vazirligi tizimiga kiradi.

Sportni rivojlantirish vazirligi va Samarqand viloyati hokimligining Institutni Samarqand shahri, Ibn Sino ko‘chasi, 17a-uy manzili bo‘yicha joylashtirish haqidagi taklifiga rozilik berildi.

Institutda o‘quv jarayoni 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanadi. Qabul Olimpiya va Paralimpiya kollejlari bitiruvchilarining sport natijalari (qoida tariqasida a’lo va yaxshi baholarga ega bo‘lgan iqtidorli o‘quvchi-sportchilar) asosida amalga oshiriladi. Institutga talabalarni qabul qilish shaffof va ochiq tanlov asosida o‘tkaziladi.

Institutga talabalarni qabul qilish parametrlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Institutga talabalarni qabul qilish parametrlari davlat buyurtmasi sifatida har bir sport turining xususiyatidan (vazn toifasi, sportchilar soni, shu jumladan, sportchi-ayollar soni, jamoaviy sport turlari bo‘yicha tegishli sport turida ishtirok etadigan sportchilar soni va boshqalar) kelib chiqib, hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maxsus sport tizimini boshqarish platformasida shakllangan Olimpiya va Paralimpiya kollejlari bitiruvchilarining sport natijalari asosida shakllantiriladi.

Institut bitiruvchilariga tanlangan sport turi bo‘yicha «trener», «hakam», «seleksioner» va boshqa mutaxassisliklar beriladi. Institut bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.

Institut talabalari sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga muvofiq o‘tkaziladigan respublika musobaqalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi.

Institut talabalarini yashash uchun jihozlar, sutkalik oziq-ovqat normasi bilan ta’minlashda Olimpiya va Paralimpiya kollejlarining normativlari tatbiq etiladi.

Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • ta’limning zamonaviy innovatsion texnologiyalarini joriy qilgan holda va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, jumladan, Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi hamda O‘zbekiston sport ustasi, shuningdek, O‘zbekiston sport ustaligiga nomzod sportchilarni tayyorlash;
  • jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlarini hamda o‘quv mashg‘ulotlarining innovatsion shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • talabalarning kasbiy moyilligi, mahorati va ko‘nikmalarini chuqur rivojlantirish;
  • talabalarning respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirokini ta’minlash, bu borada sport zaxirasi va milliy terma jamoalar tarkibini shakllantirishda ishtirok etish;
  • sport sohasiga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish;
  • ta’lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish bilan uzviy integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • istiqbolli bitiruvchi sportchilarni chet el sport va ilmiy-tadqiqot muassasalariga o‘qishga yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish;
  • zamonaviy ta’lim texnologiyalariga asoslangan o‘quv jarayonlarini joriy qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish, jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi hamda ochiq axborot-ta’lim muhitini rivojlantirishga ko‘maklashish.

Institutga quyidagi huquqlar berilmoqda:

  • ta’lim jarayonining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • o‘quv rejalaridagi nazariy ta’lim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshirish;
  • professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamasini mustaqil me’yorlashtirish, shuningdek, trenerlar va pedagog xodimlar tomonidan o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilishini, «ustoz-shogird» an’analari joriy qilinishini rag‘batlantirib borish.

Eslatib o‘tamiz, Oliy sport mahorati institutini tashkil etish chora-tadbirlari haqida ilk bor prezidenti 2021 yil 5 noyabrdagi [PQ-5279-son] qarorida ma’lum qilingandi.

Joriy yilning mart oyi boshlarida prezidentga taqdim etilgan Olimpiya shaharchasi loyihasida musobaqalardan tashqari vaqtda shaharcha o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘lib xizmat qilishi, u yerda Oliy sport mahorati instituti faoliyat olib borishi ta’kidlangandi.