O‘zbekiston Ukraina bilan bog‘liq tashqi shoklarning salbiy ta’sirini kamaytirish imkoniyatiga ega — S&P

Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz, shuningdek, Rossiya kompaniyalari va iqtisodiyot tarmoqlariga nisbatan sanksiyalar O‘zbekistondagi faoliyatga ta’sir qiladi, deb ta’kidladi S&P. Mamlakat Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgan davr mobaynida tashqi shoklar va noaniqliklarga bardosh beradi, ammo xavflar ham mavjud.

O‘zbekistonga kelayotganlar uchun koronavirus bilan bog‘liq barcha cheklovlar bekor qilindi

10 iyundan boshlab O‘zbekistonga kirib keluvchi ham xorijlik, ham mahalliy fuqarolar uchun koronavirus bilan bog‘liq barcha cheklovlar, jumladan, manfiy natijali PZR-test hamda kovidga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat talabi bekor qilindi.

O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida o‘zaro aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Prezident O‘zbekiston hamda Qatar davlati hukumatlari o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi. Hujjat aviaqatnovni tashkil etishdan tashqari, aviakompaniyalarga bojxona yig‘imlari va soliq to‘lovlaridan ozod etuvchi imtiyozlarni nazarda tutadi.

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov hibsga olindi

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida hibsga olindi. U 2017−2019 yillarda Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida katta miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.

Pedagogika universiteti sobiq dekan o‘rinbosari 3 yilga qamaldi

Talabani zo‘rlashga uringanlikda gumonlangan TDPU sobiq dekan o‘rinbosari ishi bo‘yicha sud yakuniga yetdi. Sud ayblanuvchi B.Yu.ni qizning nomusiga tekkanlik fakti bo‘yicha oqladi. Biroq, u talabani derazadan itarib yuborganlikda aybli deb topildi va 3 yilga qamaldi.

Shavkat Mirziyoyev 8 nafar hokimga oxirgi marta «hayfsan» berdi

Prezident yer maydonlarini auksionga qo‘yishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Toshkent, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlariga oxirgi marta «hayfsan» berdi. Ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi.

Endi faqat 2 toifadagi talabalarga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi — Abduqodir Toshqulov

Oliy ta’lim vaziri endi faqat ikki toifadagi talabalarga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi, qolgan hollarda esa akademik mobillik qo‘llanilishini ta’kidladi. «Talaba turmush qursa va davlat xizmatchisi boshqa ish joyiga o‘tsa, vazirning xati bilan ko‘chirishga ruxsat beriladi», — dedi Abduqodir Toshqulov.

O‘zbekiston oziq-ovqat importini oshirishda davom etmoqda

Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning oziq-ovqat importi hajmi 48,9 foizga oshib, 1,12 mlrd dollarni tashkil qildi. Ta’minotning asosiy qismini bug‘doy, xom shakar, margarin va aralash yog‘lar, go‘sht va kartoshka tashkil qiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi laboratoriyasida rangli paxta bo‘yicha tajriba o‘tkazilmoqda

Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining «G‘o‘za biotexnologiyasi» laboratoriyasi noodatiy rangda paxta yetishtirish bo‘yicha tajriba o‘tkazmoqda. Tabiiy rangli tola ishlab chiqarish paxtaning eksport salohiyatini oshiradi, deb hisoblaydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

O‘zbekistonlik taekvondochi Rimdagi Gran-prida sovrindor bo‘ldi

Rim shahrida Gran-pri turkumiga kiruvchi turnirda taekvondochi Shuhrat Salayev bronza medalini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik dzyudochilar Yevropa ochiq chempionatida bronza medallarini qo‘lga kiritdi

Avstriyada bo‘lib o‘tgan Yevropa ochiq chempionatida uch nafar o‘zbekistonlik yosh dzyudochilar 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

BMT bosh kotibining birinchi o‘rinbosari O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Markaziy Osiyoga tashrifi doirasida BMT bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad O‘zbekistonga ham keladi. Senat va Yoshlar ishlari agentligida muzokaralar, shuningdek, O‘zbekistonning lider ayollari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

21−22 iyun kunlari O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha ishchi guruhning 5-yig‘ilishi o‘tkaziladi

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhi 21−22 iyun kunlari Jenevada beshinchi bor yig‘ilish o‘tkazadi. Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari — ITSV rahbari Sardor Umurzakov O‘zbekiston tashkilotga tezroq kirishga ustuvor ahamiyat qaratishini ta’kidlagan edi.

Oliy sport mahorati institutiga qabul 2023 yildan boshlanadi

Prezident qarori bilan Oliy sport mahorati institutiga qabul 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanadi. Institut Samarqandda joylashtiriladi, unga yaxshi natijaga erishgan Olimpiya va Paralimpiya kollejlari bitiruvchilari qabul qilinadi. Bitiruvchilarga «trener», «hakam», «seleksioner» mutaxassisliklari beriladi.

Paralimpiyachilarning matonat maktabi tashkil etildi

Prezident qarori bilan Paralimpiyachilarning matonat maktabi tashkil etildi. Qolaversa, Abdulla Qodiriy ko‘chasida Paralimpiyachilar bog‘i bunyod etiladi. Metroning yangi bekatlaridan biriga «Paralimpiya harakati» nomi beriladi, 2023 yildan Toshkentda «Paralimpiyachilar matonati» xalqaro forumi o‘tkaziladi.

Ohangaronda jarima maydonchasiga olib ketilayotgan haydovchi o‘zini mashinadan tashlab yubordi

20 may kuni Ohangaronda YPX inspektori jarima maydonchasiga olib ketayotgan «VAZ-2121» haydovchisi o‘zini mashinadan tashlab yubordi. 27 yoshli fuqaro 6 iyun kuni kechasi shifoxonada vafot etdi. Prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportajlar:

«Ta’lim sifati hech qachon o‘qituvchi sifatidan oshib ketolmaydi» — Andreas Shlyayxer

PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxer O‘zbekistonning ushbu tadqiqotda qatnashishi ta’limdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish imkoniyatini berishiga ishonadi. U o‘qituvchilar sifatining ta’lim sifatiga ta’siri, baholashda texnologiyaning o‘rni, ta’lim jarayoni ustidan nazoratning muhimligi haqida ham fikr bildirdi.

Prezident yerusti metrosining Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan qismi qurilishini borib ko‘rdi

Shavkat Mirziyoyev yerusti metrosining Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan yo‘nalishi (5 ta bekat) qurilishini ko‘zdan kechirdi. 12 kmlik metro yo‘lida 7 ta bekat bo‘ladi va kuniga 40 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Yaqin hududdagi mahallalarga 12 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochiladi va metro bekatlari bilan bog‘lanadi.