6 iyun kuni Jamoatlar palatasidagi (parlamentining quyi palatasi) hukmron Konservativ partiya fraksiyasi tomonidan hukumat rahbariga ishonchsizlik votumi bildirish bo‘yicha yashirin ovoz berishdan so‘ng Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘z lavozimini saqlab qoldi, deb xabar bermoqda BBC.

Jonson yetakchilik qiladigan Konservativ partiyasidan 54 nafar parlament a’zosi bosh vazirga ishonchsizlik votumini e’lon qilish chaqirig‘i bilan chiqqan edi. Bu raqam masalani partiyaning parlamentdagi fraksiyasi ovoziga qo‘yish uchun yetarli.

Yanvar oyida Boris Jonson 2020 yilda koronavirus pandemiyasi avj olgan paytda karantin qoidalarini buzgani va Dauning-stritdagi 10-uydagi bosh vazir qarorgohida tadbirlar o‘tkazgani uchun parlamentda deputatlar va mamlakat xalqidan uzr so‘ragan edi. 2020 yil iyun oyida Jonson va uning rafiqasi Vazirlar mahkamasi rahbarining tug‘ilgan kunida ziyofat uyushtirgani uchun London politsiyasi tomonidan jarimaga tortildi.

Jonsonning partiyadoshlari va muxolifatdagi, xususan, leyboristlar partiyasidagi hamkasblariga nafaqat bosh vazirning karantin cheklovlarini qayta-qayta buzgani, balki bosh vazir idorasi tuzilmasi bu qonunbuzarliklarni tekshirish usulini ham yoqtirmaydi. Politsiya va hukumat rahbari devoni karantin davrida bosh vazir bilan yig‘ilishlar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazgandi.

Dushanba kuni konservatorlar fraksiyasi tomonidan o‘tkazilgan yashirin ovoz berishda Jonsonni parlamentdagi Konservativ partiya a’zolarining 58,5 foizi qo‘llab-quvvatladi (kerakli 50 foiz + 1 ovoz, ya’ni kamida 180 ovoz). Bosh vazirni 211 deputat qo‘llab-quvvatladi, 148 nafari qarshi chiqdi.

Partiya nizomiga ko‘ra, ishonchsizlik votumi bo‘yicha takroriy ovoz berish tartibi kamida bir yildan keyin o‘tkazilishi mumkin.

Jonson Konservativ partiyani boshqaradi va 2019 yildan beri Britaniya bosh vaziri hisoblanadi. U 2008−2016 yillarda ketma-ket ikki muddat London meri lavozimida ishlagan. U Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi — Brexit`ning faol targ‘ibotchisi edi. 2016−2018 yillarda Tereza Mey kabinetida tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan. Shuningdek, Mey ham 2018 yilda Brexit bo‘yicha muzokaralar chog‘ida ishonchsizlik votumidan o‘tgan. O‘shanda Meyni konservatorlarning 63 foizi qo‘llab-quvvatlagan edi, olti oydan so‘ng esa Mey iste’foga chiqqan edi.