6 iyun kuni Coca-Cola tomonidan O‘zbekistonga olib kelingan futbol bo‘yicha Jahon chempionati kubogining ommaviy namoyishi bo‘lib o‘tdi. Kubok bilan birga O‘zbekistonga o‘z vaqtida jahon chempionlari bo‘lgan futbol yulduzlari fransiyalik yarimhimoyachi Kristian Karambyo va ispaniyalik markaziy himoyachi Karles Puyol, shuningdek, Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Serkan Murat Dileklar ham taqdimotda qatnashdi. «Gazeta.uz» mazkur taqdimotdan reportaj tayyorladi.

O‘zbekiston ushbu tarixiy kubok sayohat qiladigan dunyoning 51 mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston — «FIFA World Cup Trophy Tour» doirasida JCH Kubogini o‘zida qabul qiladigan yagona MDH mamlakatidir. 5 iyun kuni jahon kubogi mamlakatga keltirildi va O‘zbekiston tomonidan kutib olindi.



Taqdimot davomida, Milliy olimpiya qo‘mitasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov jahon kubogining 2-marta O‘zbekistonga olib kelinganiga mamlakatdagi sportga qatarilayotgan e’tibor sabab bo‘lganini keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur sovrinning olib kelinishi yosh sportchilarning o‘z orzulariga yetishishiga katta turtki bo‘ladi.

Ravshan Ermatov. Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Serkan Murat ham kubokning mamlakatga olib kelinishiga sabablar ko‘pligini, ulardan biri O‘zbekistonda hozir ketayotgan iqtisodiy revolyutsiya jarayoni, ochiq boshqaruv ekanini aytdi. Hozir mamlakat o‘zini ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan o‘zinii yaxshi tasvirlamoqda va Coca-Cola buni rad etolmaydi, dedi u.

Chapdan: Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Serkan Murat va Kristian Karambyo. Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

Serkan Murat Jahon kubogini O‘zbekistonga olib kelishdan asosiy maqsad mamlakatda bo‘layotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu tadbir O‘zbekistonning jahon arenasidagi imijini oshirishi ta’kidlandi. «Ikkinchidan, futbol bo‘yicha jahon chempionati odamlarni, ayniqsa, yoshlarni bir-biriga bog‘lab turuvchi vosita bo‘lib, u barchaga quvonch, zavq, umid bag‘ishlaydi. Shunday qilib, biz O‘zbekistonga ushbu quvonch, umidni olib kelish, mamlakat yoshlarini ruhlantirish uchun Jahon kubogi sayohatini O‘zbekistonga qadar uzaytirdik», — dedi u.

Shuningdek, u mazkur tashrif so‘nggi emasligini, kelajakda kubok 3-bor ham O‘zbekistonga olib kelinishi mumkin ekanini qo‘shimcha qildi.

Taqdimot davomida mehmonlar tadbirdan tashqari Qatarda o‘tadigan Jahon chempionatida qaysi davlat jamoasi g‘olib bo‘lishi haqida ham o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.

Xususan, fransiyalik Kristian Karambyo mazkur musobaqa favoriti Fransiyaligini va uning g‘olib bo‘lishini aytgan bo‘lsa, Karles Puyol ham buni inkor etmadi, biroq u Ispaniyaning yosh tarkibidan ham umid qilishini, avlodlar almashinuvidan so‘ng endi-endi shakllanib kelayotgan futbolchilarga ishonch bildirdi. Serkan Murat esa bu galgi chempionlik Braziliya terma jamoasiga nasib etishini taxmin qildi. Ravshan Ermatov esa, favoritlar haqida so‘ralganda, hazilomuz tarzda ular orasidan O‘zbekiston deyishni istashiniyu, unday emasligini, biroq bunga umid qilishini aytdi.


Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

Shundan so‘ng, futbol yulduzi Kristian Karambyo Ravshan Ermatovga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi muzeyi uchun FIFAning maxsus sovrinining kichik nusxasini sovg‘a qildi.

Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

Kun davomida jahon kubogini mehmonlar o‘zbekistonlik yosh futbolchilarga namoyish etdi va master-klass o‘tkazish uchun «Bunyodkor» akademiyasi maydoniga bordi.


«FIFA World Cup Trophy Tour» haqida

FIFA Jahon chempionati kubogi sof oltindan yasalgan bo‘lib, uning og‘irligi 6,142 kg. Unda yer sharini baland ko‘tarib turgan ikki inson qiyofasi tasvirlangan. Uning hozirgi dizayni 1974 yilga borib taqaladi. Ushbu kubok — dunyodagi eng mashhur sport timsollaridan biri va uni faqat sobiq g‘oliblar hamda sanoqli odamlar o‘z qo‘li bilan ushlab turishi mumkin (FIFA Jahon chempionlari va davlat rahbarlari).

Qoidalarga ko‘ra, kubokning asl nusxasi FIFAda qolishi kerak va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritib bo‘lmaydi,chempionatda g‘olib chiqqan jamoa haqiqiy kubokni vaqtincha o‘zida saqlab qoladi.