6 iyun kuni YUNISEF O‘zbekistonda milliy immunizatsiya tizimi va butun sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga kompyuterlar topshirdi, deb xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.

2150 ta kompyuter O‘zbekistonda samarali vaksina va immunizatsiya boshqaruvini tatbiq etish, shuningdek birlamchi tibbiyot muassasalari foydalana olishi mumkin bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish funksional axborot tizimini mukammallashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

GAVI ko‘magida yetkazib berilgan $1,5 mlnlik jihozlar butun mamlakat bo‘ylab emlash joylari va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalariga tarqatiladi.


«Kompyuterlardan vaksinalar va emlash bo‘yicha samarali axborot tizimlarini yaratishga foydalaniladi. Ular innovatsion axborot tizimining asosini tashkil etadi hamda rejali immunizatsiya maqsadlarida, shuningdek COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash strategiyasi doirasida ishlatiladi», — qayd etdi YUNISEF.

«Har bir tibbiyot muassasasiga yetkazilgan bu oddiy sarmoyalar O‘zbekistonda emlash bo‘yicha keng qamrovli axborot tarmog‘i va elektron axborot tizimini shakllantiradi, — dedi YUNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — GAVI ko‘magida bizda samaradorlikni oshirish, emlashdan bosh tortish holatlarini o‘rganish, real vaqt rejimida tendensiyalarni aniqlash, va nihoyat, sog‘liqni saqlash sohasidagi kamchiliklar va imkoniyatlarni aniqlash imkoniyatiga egamiz».

Eslatib o‘tamiz, bundan bir hafta avval USAID va YUNISEF O‘zbekistonning milliy immunizatsiya tizimini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston SSVga sovuq zanjirli uskunalar — 671 ta sovutgich, 212 ta muzlatgich va 150 ta kompyuter topshirgan edi.