1 iyun sanasidan boshlab, xorijiy davlatlar transport vositalariga Turkmaniston hududi orqali tranzit yuk tashuvlarini amalga oshirishga ruxsat etildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yo‘nalish O‘zbekiston bilan chegaradagi Farap (Olot o‘tkazish punkti) va Eron bilan chegaradagi Saraxs o‘tkazish punktlari orqali o‘tadi.


Yuk mashinalari Turkmaniston orqali O‘zbekiston va Eron chegaralaridan 1 km uzoqlikda tashkil etiladigan avtokolonnada harakatlanishi kerak. U ertalab soat 8:00 dan boshlab shakllana boshlaydi.

Avtokolonna yo‘l politsiyasi maxsus mashinalari kuzatuvi ostida harakatlanadi. Harakat davomida haydovchilarga to‘xtash va avtotransport vositasi kabinasidan chiqish taqiqlanadi.

Haydovchilarning dam olishi, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, yonilg‘i quyish, zarur oziq-ovqat mahsulotlarini olish uchun maxsus belgilangan avtoturargohlarda to‘xtash nazarda tutilgan.

Harakat davomida nosozlik yoki boshqa muammo yuzaga kelgan taqdirda tegishli transport vositasi jamlanmadan ajratiladi. Bunday vaziyatda ichki ishlar organlari hodimlari Turkmaniston avtomobil transporti agentligi bilan birgalikda yuzaga kelgan muammoni hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatadi.

Turkmaniston hududi orqali tranzit o‘tish uchun bir qator boshqa talab va shartlarga ham rioya qilish kerak:

  • xorijiy davlatlar transport vositalari haydovchilari Turkmaniston davlat chegarasini kesib o‘tishda tranzit tashuvini amalga oshirish jarayonini rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlarni maxsus sanitar ishlovdan o‘tkazish uchun taqdim etishlari shart;
  • belgilangan tartibda avtotransport vositalari sanitar tozalashdan o‘tkaziladi;
  • chegaradan o‘tishda PZR usuli bilan COVID-19`ga test sinovidan o‘tganligi haqida ma’lumotnoma (davlat chegarasidan o‘tishdan oldin kamida 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda), koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat (oxirgi emlash sanasidan 42 kundan kam bo‘lmagan muddatda) taqdim etilishi shart;
  • nazorat-o‘tkazish punktida COVID-19 uchun ekspress-testdan o‘tish.