Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov viloyatda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Samarqandda turistlarga elektroshoker qo‘llagan IIB xodimlarining xatti-harakati yuzasidan fikr bildirdi. Bu tasvirlangan video Samarqand IIB matbuot xizmati tomonidan e’lon qildi.

«Elektroshoker masalasi bo‘yicha biz chuqur xizmat tekshiruvi o‘tkazdik. Uni keng muhokama qildik. Elektroshoker qo‘llagan ikki xodim ham lavozimidan olingan. Prokuratura tomonidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari ketayapti. Bevosita yo‘riqnoma berishda xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun uning ikkala rahbari ham ishdan olindi», — dedi Rahmat Mamatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda har bir ichki ishlar xodimi yonida fuqarolar bilan qanday muomala qilish va elektroshokerni qay holatlarda qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma bo‘ladi.

«Kim bilan qanday muomalada bo‘lish kerak, bular bo‘yicha biz qo‘llanma ishlab chiqdik. Har bitta soha, ya’ni ko‘proq fuqarolar bilan ishlaydigan profilaktika tizimi, yo‘l harakati xavfsizligi, patrul-post xizmati bilan bitta rahbar o‘zi borib kunlik yo‘riqnoma o‘tayapti», — dedi u.

Bundan tashqari, yil boshidan beri xizmat vazifasini yetarli darajada bajarmagan 11 nafar profilaktika inspektori ishdan bo‘shatilgan, 10 nafardan ortig‘iga esa intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

«Kecha viloyat IIB fuqarolarning murojaatlari bilan ishlaydigan boshqarma boshlig‘ini ishdan oldim. Sababi — nima uchun fuqaro ikkinchi marta ovora bo‘lib kelishi kerak? Nima uchun uning murojaati vaqtida telefon orqali yetkazilmadi? Sizni mana shu murojaatingiz yechimi mana bunaqa deb topildi, deb aytmaydi», — deya tanqid qildi boshqarma boshlig‘i.

Qolaversa, Rahmat Mamatov fuqarolarning ongida ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar shakllanib qolganiga xodimlarning qo‘pol muomalasi sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

«Baribir o‘sha fikr borligining o‘zi noto‘g‘ri. Ijobiy bo‘lishi uchun biz qachonki «san» so‘zimizni yo‘qotib, «siz»ga o‘tishimiz kerak. Qanaqa muammosi bo‘layotgan bo‘lsa tinglayapti, yechimini topayapti. Huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lsa, fuqaro o‘zi tan olgan holda, sudga chiqqanda ham agar [xodim] qo‘pol gapirmagan bo‘lsa, hech qachon bizga nisbatan salbiy fikr bildirmaydi», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, Samarqand viloyatida joriy yilning 4 oyi davomida 2242 ta jinoyat, jinoyat-qidiruv sohasida esa 1358 ta jinoyatlar sodir etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 21 mayga o‘tar kechasi Samarqand IIB Patrul-post xizmati xodimlari bir necha sayyohni, jumladan, Qozog‘istondan kelgan fuqaroni to‘xtatib, ularning yonida hujjatlari bo‘lishiga qaramasdan elektroshokerlarni qo‘llagan holda majburan ichki ishlar bo‘limiga shaxsni tasdiqlash uchun olib ketishgandi.

Xodimlar sayyohlarga shaharda «Xavfsiz tun» tadbiri o‘tkazilayotgani uchun soat 23:00 dan keyin ko‘chada bo‘lish taqiqlangani va ularda «reja» borligini aytishgan. Sayyohlar hujjatlarini taqdim etib, taksida ketishga ruxsat berishlarini so‘ragan.

Xabar tarqalganidan so‘ng, Ichki ishlar vazirligi Samarqand shahar IIB Patrul-post xizmati xodimlari xizmat vazifasini va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilganini ma’lum qildi.

Tergov davomida IIB xodimlari sayyohlarga nisbatan noqonuniy tarzda kuch ishlatgani tasdiqlanib, ikki nafari ishdan bo‘shatildi. Prokuratura ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atdi.