Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
“Odamlarga bolaligini
hadya qilamiz”
Xo‘rozqandlarni kim tayyorlaydi?
Toshkentning yirik bozorlarida, gavjum joylarda olomonning shovqini orasidan ayol kishining baland ovozi eshitiladi: “Qadimiy xo‘rozqandlar. Bolalaringizni xursand qiladigan shirinliklar hali ham bor”. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Madina Aʼzam “kinder” davrida kim va nima uchun xo‘rozqandlarni tayyorlashda davom etayotganini o‘rgandi.
Toshkentning yirik bozorlarida, gavjum joylarda olomonning shovqini orasidan ayol kishining baland ovozi eshitiladi: “Qadimiy xo‘rozqandlar. Bolalaringizni xursand qiladigan shirinliklar hali ham bor”. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Madina Aʼzam “kinder” davrida kim va nima uchun xo‘rozqandlarni tayyorlashda davom etayotganini o‘rgandi.
Otam bizga: shirinlik sotgan kishi odamlarga xursandchilik hadya etayotgan bo‘ladi, deb aytardi.
Dilfuza Madrahimova 15 yildan buyon xo‘rozqandlar tayyorlaydi. Retsept juda oddiy: shakar, suv, bo‘yoq va limon kislotasi.

“Xo‘rozqandlarimning ichi bekorga g‘ovak emas, mening mehrim bilan to‘ldirilgan”, — deydi Dilfuza opa “xo‘rozlar” ning asosiy sirini ochar ekan.

Qandolatchiga qo‘yiladigan talablar ancha jiddiyroq — u chaqqon, eʼtiborli va zehnli bo‘lishi kerak. Buni unga otasi bolaligidanoq o‘rgatgan, Dilfuza opa yoshligidan otasiga uyda paxtaqand tayyorlab, ona shahri Marg‘ilonda sotishga yordam bergan.
“Yaratgan otamni 8 ta farzand bilan siylagan. Ulg‘aygunimizga qadar marg‘ilonliklarni paxtaqand bilan siyladik. Otamning maslahati bilan qandolatchilikning boshqa turlarida ham o‘zimizni sinab ko‘rdik. Elimiz suyib isteʼmol qiladigan holvaqandni ham tayyorladik, sotdik. Otam bizga shirinlik sotgan inson odamlarga xursandchilik xadya etayotgan bo‘ladi deb aytardi. Haq gap!”, — deya eslaydi Dilfuza opa.
реклама
реклама
Dilfuza opa 2006-yilda akasidan xo‘rozqand tayyorlashni o‘rgandi. Ammo hali ushbu biznesni rivojlantirish uchun unda maxsus qoliplar va yetarli puli yo‘q edi. Avvaliga 100 ga yaqin xo‘rozqand qolipini qarzga olgan ayolga qand quyish va sotishda o‘g‘li Omonboy Mo‘ydinov ko‘maklashadi. Turli xil xo‘rozqandli arava birinchi marta Marg‘ilondagi bozorga, keyinroq Farg‘ona viloyatidagi bozorlarga ham shirinlik olib boradi. Oradan bir yil o‘tib, qandolatchi 6 xildagi yangi qoliplarni xarid qiladi va ayiq, qizaloq, olmaxon, so‘rg‘ich va turli gulli shakldagi qandlarni ham tayyorlay boshlaydi.
2015-yilda Dilfuza Madrahimova akasining taklifi bilan Toshkentga ko‘chib keladi. O‘shandan buyon poytaxtning Bek-baraka, Abu Saxiy, Qo‘yliq, Chilonzor, Yunusobod va Eko bozorlaridan tushadigan buyurtmalar bo‘yicha xo‘rozqandlar tayyorlab kelmoqda.

“Vodiyda ham, poytaxtda ham mahsulotlarimni aravaga solib, bozor bo‘ylab yurib sotganman. Odamlar orasida qancha yursam, xo‘rozqandlarimni shuncha odam ko‘radi va mahsulotim tezroq sotiladi. Hozir 7 ta sotuvchim bor. Kamdan-kam holatlarda, yaʼni xo‘rozqand tayyorlashdan qolgan bo‘sh vaqtlarimda o‘zim savdoga chiqaman”, — deydi Dilfuza opa.

U xo‘rozqand sotib kelgan 15 yil davomida odamlarning ushbu shirinliklarga munosabati o‘zgargan. Dilfuza opaning taʼkidlashicha, 2007-yildan 2015-yilgacha xaridorlarning 80 foizi bolalar edi. Katta yoshdagilar aravacha oldida to‘xtab, o‘g‘illari va qizlarining iltimosiga binoan “xo‘rozlar” sotib olishardi. Bir vaqtning o‘zida to‘qqiz-o‘ntalab sotib olishgan. Dilfuza opa bunga xo‘rozqandlar hamyonbop ekanligi, bu, ayniqsa, ko‘p bolali oilalar uchun qo‘l kelganligini qayd etadi. Kattalar ham, bolalar ham xo‘rozqandlar gazeta yoki qog‘ozga o‘ralganiga qaramay, gigiyenik jihatdan qay darajada yaroqli ekanligi haqida umuman so‘ramas edi.
Qandolatchining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil ichida odamlar xo‘rozqandlarning tashqi ko‘rinishiga jiddiyroq eʼtibor beradigan bo‘lishgan: ular tez-tez shirinlikning yangiligi, yaroqlilik muddati haqida so‘rashadi va qadoqlanishiga ham eʼtibor berishadi. Ko‘pi bilan bir xaridor besh dona, odatda esa ikki yoki uchta xo‘rozqand oladi. Hozirda Dilfuza opaning aksariyat mijozlari keksa yoki o‘rta yoshdagi erkak va ayollar bo‘lib, ular bolalikdagi sevimli shirinliklarini ko‘rib, hayratga tushadilar.

“Bugungi kunda bolalarni xursand qilish uchun shirinliklar talaygina. Hozir bolalar ko‘proq turli xildagi shokoladlar, kinder-syurpriz va jimjimador paketlarga solingan har xil shirinliklarga qiziqadi”, — deydi qandolatchi xo‘rozqandlarga talab pasayganligining sabablari haqida o‘ylar ekan.

U qo‘lbola shirinliklarga qiziqishni yana tiklashni xohlashini aytadi. “Bozorda maxsulotimizga qancha ko‘p talab bo‘lsa, biz yetkazib berishga doim tayyormiz”, — deydi Dilfuza opa.
Qo‘yliq dehqon bozorining odamlar tez-tez o‘tib turadigan joyida kamtarona kiyinib, fartuk taqib olgan, gapga chechan ayolning o‘tkir ovozini eshitasiz: “Qadimiy xo‘rozqandlarimiz bor. Turli shakldagisini sotib olaverasiz. Bolalaringizni xursand qiladigan shirinliklar hali ham bor”.

Xaridorlarni jalb qilish uchun aytilgan bu jumlalar bir nafasda 2-3 bor takrorlanadi. Kichik aravacha ustiga o‘ttizga yaqin olmaqand, qirq-ellikta xo‘rozqandlar terib qo‘yilgan.

Robiya Qayumova yigirma yildan buyon xo‘rozqand sotadi. Uning xavotir bilan taʼkidlashicha, so‘nggi o‘n yillarda odamlar, ayniqsa bolalar xo‘rozqandlarni deyarli unutgan.
“O‘ylashimcha, hozir hech kim farzandiga bozordan xo‘rozqand olib qaytishini vaʼda qilmaydi. Bolalarning o‘zlari ham so‘ramaydi”, — deydi Robiya xola.

Shirinliklarni sotib oladiganlar ko‘pincha hayratda va taajjubda bo‘ladi. Kimdir “Iya, hozirgi xo‘rozqandlar nega buncha katta?” deb hayratlansa, yana kimdir “Haqiqiymi, hali ham shunday narsalar bormi?” deb so‘raydi.
реклама
реклама
“Eng achinarlisi, ko‘p hollarda bolakaylar xo‘rozqandlarim yonida to‘xtab, otasi yoki onasiga yuzlanib: “Bu nima, yeb bo‘ladimi? Olib bering” deydi. Men: “Bu bir oyoqli parranda” deya xazil qilaman”, — aytib beradi Robiya xola.

Robiya xola birinchi marotaba Bek-baraka bozorida sotish uchun 30-40 ta xo‘rozqand olib chiqadi. Ammo odamlardan uyalib, xo‘rozqandlarini uyiga qaytarib olib ketadi. Lekin vaqt o‘tib ishlar yurishib ketadi. U Qo‘yliq dehqon bozori, Yunusobod va Farhod bozorlari hamda Aviasozlar (Kadisheva) bozoriga ham qand olib chiqishni boshlaydi.

“Bozordagi xo‘rozqand sotuvchilarining hech biriga raqobatchi sifatida qaramayman. Axir bozor hammaniki. Nasibasi bor odam rizqini olaveradi. Agar xaridorning rizqi menda bo‘lsa, mening mahsulotimni, rizqi boshqaga yozilgan bo‘lsa, o‘sha sotuvchining qandlarini sotib olaveradi. Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak. Juda million emas-ku, uch-to‘rt so‘m pul bo‘lsa ham halol topyapman deb umid qilaman. Eng muhimi, har savdodan keyin uyimga 4 ta non olib kirishim. Hammasiga shukur qilaman”, — deydi jilmayib ayol.
Robiya Qayumova 3 yil avval ham xo‘rozqandlar to‘ldirilgan arava bilan bozorni aylanib, sotuvchilik qilar edi. Odamlar gavjum joylarda o‘z mahsulotlarini baralla ovoz bilan taklif qilardi. Bu haqda gapirib berayotganda, uning ovozi g‘amgin eshitiladi.

“Agar kuni bo‘yi yurib savdo qiladigan bo‘lsam, kechga borib oyog‘im, belim og‘riydi. Tez charchab, suvsab qolaman. Shuning uchun ham bugungi kunda faqat Qo‘yliq dehqon bozorida, ko‘rib turganingizdek stulchada o‘tirib sotyapman. Menga qolsa...”, — Robiya xola negadir gapini tugallamaydi va yana tabassum bilan: “Kasallikning ham boriga shukur” deb jilmayib qo‘yadi. Va yana bir oyoqli parrandalariga xaridor jalb qilishda davom etadi. “Hoy, opa, xo‘rozqand, olmaqand olib keting. Arzimagan pulga, farzandingizni ko‘p xursand qilasiz!”

Bozordagi aravakash, xaridor, sotuvchi, talaba va boshqa yo‘lovchilarning aksariyati sotuvchining mahsulotiga qiziqib, hatto qo‘liga olib ko‘radi, narxini so‘raydi. Ammo xarid qilmay, yana yo‘lida davom etadi. Baʼzan esa keksalar o‘tmishini eslab, bolaligi haqida uzoq so‘zlaydi. Bunday holatlarda Robiya xola qariyalarga 2-3 ta xo‘rozqandlarini shunchaki berib yuboradi. Pul olmaydi.

“Men unga xo‘rozqandimni emas, o‘zining bolaligini hadya qilib yubordim. Odamdan kichik bo‘lsa ham yaxshilik qolishi kerak”, — deb nasihat qiladi yumshoq ohangda.

“Hayit kunlari tongda Qo‘yliq ota masjidiga chiqaman. Xo‘rozqandlarimning hammasi sotilib ketadi. Mana shu anʼana bugunga qadar saqlanib qolganidan xursandman. Shu sababli ham har gal Hayit bayramini hafta-kun sanab kutaman”, — deydi Robiya xola.
Jazirama yoz kunlarida xo‘rozqand sotuvchilari uchun mavsum yakunlanadi. Buyurtmalar va sotuvlar soni kamayishni boshlaydi. Kuniga 500 tadan qo‘proq qand quyadigan Dilfuza Madrahimova sentyabrgacha 70-100 tagina xo‘rozqand tayyorlashga o‘tadi.

“Bizning mavsum, asosan, qish fasli. Sentyabrdan iyun oyiga qadar kuniga 500-700 ta xo‘rozqandga buyurtma olaman. Chunki havo salqin va sovuq kunlari xo‘rozqandlar sifatini yo‘qotmaydi, erib ketmaydi. Qish kunlarida odamlar, muzqaymoq va morcning o‘rniga xo‘rozqand sotib oladi”, — deydi Dilfuza opa.

Bozorda Dilfuza opaning uchta kichkina xo‘rozqandi o‘n ming so‘m turadi, bitta katta “xo‘roz” — besh ming so‘m.

“Men qizil, sariq va yashil ranglarda qand tayyorlayman. Qizil yorqin, shuningdek qadimdan xo‘rozqandlar qizil bo‘lgani uchun shu rangdagi qandlarni odamlar ko‘proq sotib olishadi. Yeyishga qulay bo‘lganligi uchun ham kichik so‘rg‘ich va gul shaklidagi qandlarim xaridorgir. Xo‘rozqandlar bolalarning tomog‘iga hech qanday zarar yetkazmaydi. Qaytangga, bolalardagi bronxit kasalliklariga shifo bo‘ladi”, — deydi Dilfuza opa.
Dilfuza Madrahimova tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma olib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Shu vaqtgacha SES, o‘t o‘chiruvchilar va soliqdagilar uning biznesiga aralashmaganini, bezovta qilmasligini aytadi.

Tadbirkor ayol biznesiga yangilik kiritish maqsadida. U popkorn tayyorlash qurilmasini sotib olgan va uni mahsulotlari qatoriga qo‘shishni kutmoqda. Dilfuza opa paxtaqand tayyorlashni tiklash haqida ham orzu qiladi. Buning uchun unga paxtaqand tayyorlaydigan qurilma kerakligini aytadi.
Matn va fotosuratlar muallifi Madina Aʼzam.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting