4 iyun kuni taniqli davlat arbobi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning izdoshi Georgiy Alekseyevich Kraynov vafot etdi, deb xabar qilindi Islom Karimovning ilmiy-ma’rifiy majmuasi saytida. Majmua tomonidan «Gazeta.uz»ga qo‘shimcha qilinishicha, u bilan vidolashish marosimi dushanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Georgiy Kraynov 1933 yil 21 noyabrda Andijonda tavallud topgan. Andijon davlat pedagogika institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini «Andijanskaya pravda» (Andijon haqiqati) gazetasida boshlagan. Korrektor, muharrir, mas’ul sekretar, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

1976 yilda Kraynov O‘zbekiston KP Markaziy qo‘mitasida targ‘ibot va tashviqot bo‘limi gazeta va jurnallar sektori mudiri lavozimida ish boshlaydi. Oradan bir yil o‘tgach KP Markaziy qo‘mitasi sekretarining birinchi yordamchisi lavozimiga tayinlanadi. U ko‘p yillar mobaynida Sharof Rashidov bilan birga ishlagan.

Foto: islomkarimov.uz.

Mustaqil O‘zbekistonda Georgiy Kraynov — prezident yordamchisi, prezident qabulxonasi bosh konsultanti, prezident ma’muriyati umumiy ishlar boshqarmasi protokol sektori boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2018 yildan boshlab umrining oxirigacha birinchi prezident nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.

U yuksak mukofotlar bilan ham taqdirlangan: «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni, «Do‘stlik» ordeni, «Mehnat shuhrati» ordeni, «Sodiq xizmatlari uchun» medali.