O‘zbekiston Bosh prokuraturasining matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov ijtimoiy tarmoqlarda ota o‘z qizini o‘ldirib qo‘yganligi haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 4 iyun kuni Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani, Turg‘oq qishlog‘ida yashovchi fuqaro Q.Sh. voyaga yetmagan qizi (2006 y.t., maktab o‘quvchisi) tungi vaqtlarda «Spark» avtomashinada bir yigit bilan yashirin ravishda uchrashuvga chiqqanligini bilib qolgan.

Ushbu holatdan g‘azablangan ota qizini bosh qismiga bir necha marotaba urganligi aytilmoqda. Olgan tan jarohati ta’sirida qiz hushini yo‘qotgan.

«Ota qizini yuziga suv sepib, hushiga keltirgan va boshqa o‘sha yigit bilan gaplashib yurmasligini tayinlagan. Shundan so‘ng, qiz yotoqxonasiga kirib ketgan va olingan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi «d» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Uchko‘prik tumani IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.