O‘zbekistonda tibbiyot xodimlarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Tegishli hujjat loyihasi Bosh prokuratura tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksini yangi 197−7-modda bilan quyidagi mazmunda to‘ldirish taklifi ilgari surilgan:

«197−7-modda. Tibbiyot xodimining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish. Tibbiyot xodimining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish, ya’ni tibbiyot xodimining tibbiy yordam yoki tibbiy xizmat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilish, xuddi shuningdek tibbiyot xodimining tibbiy yordam yoki tibbiy xizmat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilish maqsadida noqonuniy topshiriqlar berish — fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 10 besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi».

Bundan tashqari, 283-moddaga, ya’ni ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilmaydigan hollarga tegishli tartibda o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda.

Bunda 197−7-moddada nazarda tutilgan hollarda tibbiyot xodimi ma’muriy bayonnoma tuzmasdan o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek ishni hal etish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Qolaversa, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish mazkur ishni ko‘rib chiqishga vakolatli organ bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab 15 kunlik muddat ichida ko‘rib chiqadi.

«Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunni 41−1-modda bilan to‘ldirish taklif qilindi.

«41−1-modda. Tibbiy faoliyat. O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot faoliyati tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy yordam yoki tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi yoxud tibbiy ekspertiza o‘tkazilishidan iborat faoliyatdir.

Inson (bemor) salomatligining holatini baholash va unga tibbiy ta’sir ko‘rsatish maqsadida tibbiyot xodimi tomonidan profilaktika qilish, tashhis qo‘yish, davolash, reabilitatsiya qilish va palliativ tibbiy ko‘mak ko‘rsatish, sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazishdan iborat tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Tibbiyot xodimi tomonidan profilaktika qilish, tashxis qo‘yish, davolash, reabilitatsiya qilishga qaratilgan, shuningdek, homiladorlik va tug‘ish vaqtida ko‘rsatiladigan, mustaqil yakunlangan ahamiyat va qiymat xususiyatiga ega bo‘lgan harakat yoki harakatlar tibbiy xizmatni tashkil qiladi.

Davlat fuqarolarga tibbiy yordam va tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishini kafolatlaydi, tibbiyot xodimining qonuniy faoliyatiga aralashgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar".

Tegishli hujjat bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 17 iyunga qadar davom etadi.