Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi «Chilonzor» yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezd «Olmazor» bekatida to‘xtab qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holatga Toshkent metropoliteni matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, harakatlanib kelayotgan poyezd soat 10:50 lar atrofida elektr ta’minotidagi qisqa nosozlik sabab «Olmazor» bekatida to‘xtagan, yo‘lovchilar esa bekatdan chiqarilgan.

«Shu sabab, „Chilonzor“ yo‘nalishining qolgan bekatlarida ham poyezdlar harakati belgilangan reja jadvalidan o‘zgargan holda bir tomonlama va kichik halqa jadvali asosida harakatlandi», — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan mutasaddilar ish olib borgandan so‘ng soat 11:58 da nosozlik bartaraf etilgani aytilmoqda. Poyezdlar doimiy jadval asosida harakatlanmoqda.