Adliya vazirligi ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markazida bo‘layotgan «so‘m ramzi»ning plagiatga tekshirishuvdan o‘tgan yoki yo‘qligiga munosabat bildirdi.

Juma kuni Markaziy bank milliy valyuta — «so‘m»ning ramziy belgisini yaratish bo‘yicha tanlov g‘olibini elon qilgandi. Shundan so‘ng, tarmoqlar foydalanuvchilari O‘zbekistonning rasmiy belgisi boshqa kompaniyalarning logotipiga o‘xshab qolganini tanqid qildi, kimdir so‘m ramzini g‘alati degan bo‘lsa, yana kimdir o‘z variantini taklif qildi.

Adliya vazirligi Fransiya «IN-CORE systems» kompaniyasining belgisiga o‘xshash bo‘lgan belgilar dunyoning bir qator davlatlarida xususan, AQSh, Kanada, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya va Hindistonda ham foydalanib kelinayotganini qayd etdi.

Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi territorial (hududiy) xarakterga ega. Boshqacha aytganda, intellektual mulk obyekti ma’lum bir davlat hududida huquqiy himoyadan foydalanadi. Shu jumladan, tovar belgisi ham tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng huquqiy muhofazaga ega bo‘ladi.

«Fransiya In-Core systems» kompaniyasining belgisi O‘zbekistonda tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va muhofaza qilinmagan", — deyiladi munosabatda.

Keltirilishicha, ushbu holatga mualliflik huquqi nuqtai nazaridan qaralsa, adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida Bern konvensiyasi va milliy qonunchilikka muvofiq mualliflik huquqi yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi. Uning amalga oshirilishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar) mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydi.

«Shuni ta’kidlash joizki, mazkur belgini tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish va muhofaza qilish maqsadida Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinmagan», — deyiladi xabarda.

Agar, ushbu belgini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinsa, holat ekspertlar tomonidan to‘liq o‘rganilib, tegishli tartibda xulosa berilishini qo‘shimcha qilingan.