Toshkent shahar hokimligi daraxtlar atrofi zich qilib betonlangani yoki asfalt yotqizilayotgani kuzatilgan holatlarda Xalq Nazorati xizmatiga xabar berishni so‘radi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Buning uchun shu kabi holatlar kuzatilganda platformaning «Jamoat joyi» bo‘limiga kirish zarur.

Undan so‘ng, «Ekologiya» yo‘nalishidan «Betonlangan daraxt tanasi» bandini tanlab, murojaatni kiritish kerak bo‘ladi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, 31 may holatiga daraxtlar bilan bog‘liq muammolar haqida 268 ta xabar kelib tushgan.

Shundan 66 tasi betonlab ketish holatlari bilan bog‘liq. Shundan 61 tasi daraxt beton tutqunligidan ozod qilingan, qolgan 5 tasida ish jarayoni ketmoqda va nazorat ostida.

Poytaxt aholisi va Toshkent shahri uchun yaratilgan «Xalq nazorati» xizmati 2021 yilning 16 fevralida ishga tushirilgandan buyon 9222 nafar foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning murojaatlari bo‘yicha 8377 ta muammo bartaraf etilgan. Murojaatlarning aksariyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021 yil 31 dekabrdagi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgandi. Qolaversa, jarimalar 5 baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa 2 baravarga oshirildi. Shuningdek, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlandi.

3 fevral kuni Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida (xarita) joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd qilingani haqida yozgandik. O‘shanda Yunusobod tuman prokuraturasi ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.