O‘zgidromet O‘zbekiston bo‘yicha 3−5 iyun kunlari kutiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Bugun, juma kuni O‘zbekiston hududi respublikaning shimoli-sharqiy hududlari ustida shakllangan yuqori siklon ta’siri ostida bo‘ladi. Ko‘pchilik viloyatlarda quruq va shamolli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

Ba’zi joylarda shamol tezligi kuchayish vaqtida 18−23 m/s ga yetishi va chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin. Kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyatida, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin. Havo harorati kunduzi +25…+30 darajadan oshmaydi.

Ertaga, shanba kuni ob-havoning beqarorligi faqat respublikaning sharqiy hududlarida saqlanib turadi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda, kechasi va ertalab Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Respublikaning qolgan hududlarida quruq va kam bulutli ob-havo bo‘ladi. Markaziy va janubi-sharqiy viloyatlarning ayrim hududlarida ba’zi joylarda chang-to‘zonlari bilan shamolning kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati +27…+32 daraja atrofida bo‘ladi.

Yakshanba kuni mamlakatning barcha hududlari bo‘yicha deyarli quruq va kam bulutli ob-havo bo‘ladi. Faqat ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kunduzi harorat +33, +35 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida +36, 37 darajagacha ko‘tariladi.

3−4 iyunda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.