O‘zbekiston milliy valyutasi — «so‘m»ning ramziga eng kreativ loyiha sifatida Jumagaldiyev Sarvar tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgi tanlab olindi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

MB tomonidan milliy valyuta «so‘m ramzi»ni ishlab chiqish bo‘yicha 8 fevralidan 31 martiga qadar tanlov o‘tkazdi. 1 aprel holatiga milliy valyuta ramzini ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovga yuborilgan arizalarning umumiy soni 17 mingdan ortdi.

Milliy valyuta «So‘m ramzi»ni ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan 2 bosqichli tanlov natijalari sarhisob qilindi. Saralash bosqichi tanlov tashkiliy qo‘mitasi tomonidan o‘tkazildi va quyidagilarni o‘z ichiga olingan.

Dastlabki saralashda har bir tanlov loyihasini texnik talablarga muvofiqligini ko‘rib chiqilgan va 508 ta ijodiy loyiha tanlab olingan. Texnik ekspertiza uni tekshirib, 54 ta shifrlangan ijodiy loyihalar tanlov hakamlar hay’atiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.

Tanlovning yakuniy bosqichida shifrlangan loyihalar Markaziy bank, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Intellektual mulk agentligi vakillari tomonidan baholandi.

Hakamlar hay’ati a’zolari tanlov ishlarini quyidagi mezonlarga muvofiq baholagan:

  • o‘ziga xoslik (unikal) va originallik;
  • universallik;
  • oson tanib olinishi;
  • ramziy va farqli jihatlari;
  • so‘m ramzining turli formatlarda grafik qo‘llanilishining qulayligi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, hay’at tomonidan O‘zbekiston milliy valyutasi — «so‘m»ning o‘ziga xos timsolini yorqin ifoda etgan eng kreativ loyiha sifatida Jumagaldiyev Sarvar tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgi tanlab olindi, deyiladi MB xabarida.