Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasidagi Vorux jamoati hududida otishma sodir bo‘ldi, deb xabar berdi «Aziya-Plyus» nashri. Qayd etilishicha, Tojikiston tomonidan 1 nafar chegarachi tan jarohati olgan.

«Chegarachining ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda. U shifoxonaga yetkazilgan, shifokorlar unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatmoqda», — degan nashr manbasi.

Manbaga ko‘ra, ayni damda tojik-qirg‘iz chegarasida vaziyat barqaror, biroq keskinlik saqlanib qolmoqda.

Qirg‘iziston OAVlari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati matbuot markaziga tayanib, ikki kishi yaralangani haqida xabar bermoqda.

«Otishma tugadi, har ikki tomondan yaradorlar bor. Ikki qirg‘iz harbiysi yaralangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yaradorlardan birining ahvoli og‘ir, ikkinchisining jarohati o‘rtacha», deb yozadi 24.kg nashri.

Nashrning keyinchalik to‘ldirishicha, chegara xizmati ikkinchi askar jarohatlangani haqidagi xabarni rad etmoqda.

«Chegara xizmati direktorining birinchi o‘rinbosari Marat Maralbayevning so‘zlariga ko‘ra, harbiy xizmatchi o‘q jarohati olgan. Biroq chegarachi aynan qayerda va qanday holatda yaralanganiga aniqlik kiritmagan. Shu bilan birga, Marat Maralbayev Sog‘liqni saqlash vazirligining ikkinchi chegarachi jarohat olgani haqidagi ma’lumotini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy xizmatchi harbiy yuklarni ko‘tarayotganda bel va boshidan jarohat olgan. Uning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda», deyiladi qirg‘iz nashri ma’lumotida.

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi otishma bugun mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida sodir bo‘lgani aytilmoqda. Yuz bergan hodisada ikki tomon bir-birlarini ayblashyapti.

Qirg‘izistonning 24.kg nashri yozishicha, «Qirg‘iziston chegara xizmati qo‘shni respublika harbiy xizmatchilarini aniqladi. Ular shartli chiziq chegara chizig‘ini noqonuniy kesib o‘tib, Qirg‘iziston hududiga kirishgan. Hududni tark etish talablarini e’tiborsiz qoldirgan tojik chegarachilari qirg‘iz harbiylariga qarata o‘t ochgan. Ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma bo‘lib, tojik tomoni minomyotlardan foydalangan».

«Aziya-Plyus» nashrining Vorux jamoatidagi manbasiga ko‘ra, «otishma qirg‘iz chegarachilari tojik chegarachilari nazorati ostidagi hududga o‘tib, tojik chegarachilarining hududni tark etish haqidagi talablarini e’tiborsiz qoldirganidan keyin boshlangan».

Eslatib o‘tamiz, ikki davlat chegarasida bu kabi otishma yil boshidan beri doimiy kuzatilmoqda.

Masalan, 27 yanvar kuni kechqurun Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida og‘ir o‘qotar qurollar qo‘llangan holda qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Qirg‘iziston tomonidan 11 harbiy yaralandi. Tojikiston tomonida qurbonlar bo‘lgandi — mahalliy aholi va tez yordam haydovchisi. Yana to‘rt nafar tinch aholi va olti nafar harbiy jarohatlangandi.

Bundan tashqari, 10 mart kuni soat 10:00 larda Tojikistonning Qirg‘iziston bilan chegaradagi Isfara tumani Chorkuh mahallasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi. Otishma 10 daqiqa davom etgandi. Buning oqibatida Tojikiston tomonidan bir chegarachi halok bo‘ldi, ikki nafari yaralandi.

Shuningdek, 12 aprel kuni kechqurun Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida chegarachilar o‘rtasida yana otishma sodir bo‘lgandi. Tojikiston tomoni bir kishi, qirg‘izistonliklar ikki nafar yarador haqida xabar bergandi.