O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov Gaaga shahrida (Niderlandiya) Butunjahon odil sudlov forumida qatnashdi. U 1 iyun kuni fuqarolik jamiyati institutlari, tadbirkorlik va adliya sohasi rahbarlari bilan birgalikda Identifying What Works («Nima samarali ishlashini aniqlash») yalpi majlisida so‘zga chiqdi. Vazir o‘z nutqida O‘zbekistondagi islohotlar «muvaffaqiyat uchburchagi»ning tarkibiy qismlari haqida gapirdi.

Ruslanbek Davletov hokimiyat almashgan 2016 yildan beri O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va aholi farovonligini ta’minlash uchun «Maqbul boshqaruv» tamoyili asosida tuzilmaviy islohotlar, demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

«Aholining real ehtiyojlari va jamiyatdagi dolzarb muammolarni faol muhokama qilish, davlat organlarining ushbu murojaatlarga munosabat bildirishga tayyorligi, mamlakat rahbariyatining tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga bo‘lgan siyosiy irodasi va intilishi, shuningdek, ijtimoiy institutlarning tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish imkoniyatlari islohotlarga zamin bo‘ldi. Aynan shu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘ziga xos «muvaffaqiyat uchburchagi»ni shakllantirdi», — dedi Ruslanbek Davletov.

Vazir O‘zbekistonda ijtimoiy va davlat qurilishi sohasida jiddiy o‘zgarishlarga erishishga imkon bergan muvaffaqiyatli yondashuvlar va asosiy omillar haqida gapirdi.

Birinchidan, davlat mavjud muammolarni ochiq tan oldi va hukumat ma’lumotlariga erkin kirishni taqdim etdi. Ochiqlik prezumpsiyasi tamoyili joriy etildi. Jumladan, o‘tgan yili barcha davlat organlari tomonidan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirish lozim bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega axborot ro‘yxati tasdiqlandi. U 33 ta yo‘nalish bo‘yicha 200 ta turli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ayni paytda 13,5 ming ma’lumotlar majmui erkin foydalanish uchun joylashtirilgan.

Ikkinchidan, bundan besh yil avval bir-birini tiyib, o‘zaro muvozanatda ushlab turish tizimining asosiy elementi bo‘lgan ma’muriy sudlar tashkil etildi. 2021 yilda ma’muriy sudlar tomonidan ijtimoiy munosabatlardan kelib chiqadigan 15 ming ta nizo ko‘rib chiqilib, ularning 52 foizi qanoatlantirilgan. Shuningdek, ushbu davrda hokimlarning 2,5 mingdan ortiq qarorlari haqiqiy emas deb topildi.

Uchinchidan, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qat’iy islohotlar boshlandi, shu jumladan sohaviy yondashuv joriy etilmoqda. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tizimini o‘zgartirish natijasida 266 turdagi litsenziyadan 70 tasi, 140 ta ruxsatnomadan 35 tasi bekor qilindi. Litsenziyalashtirishning barcha taomillari raqamlashtirildi. Yil davomida elektron tizim orqali 30 mingga yaqin litsenziya berildi.

«Oxirgi uch yil ichida „tartibga soluvchi gilyotina“ usuli yordamida biz amaldagi huquqiy bazani qariyb 10 foizga maqbullashtirishga erishdik, — dedi adliya vaziri. — 3 mingdan ortiq qonun hujjatlari bekor qilindi. Boshqa bir misol — yer uchastkalarini faqat g‘olibni aniqlash taomillariga aralashuvni istisno qiladigan, elektron auksionlar tizimi orqali berilishi. O‘tgan yildan beri ushbu yondashuv asosida 4 ming 300 ta yer uchastkasi ajratildi».

To‘rtinchidan, davlat boshqaruvida yalpi raqamlashtirish evaziga tartibga solish yuklamasi kamaytirildi va ish yuritish jarayonlari maqbullashtirildi.

«2021 yil oxirigacha raqamli davlat xizmatlari soni 200 taga yetkaziladi, bu ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining 30 foizini tashkil etadi, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich 70 foizga yetadi. Biz fuqarolar o‘z vaqtlari va boshqa resurslarini davlat bilan o‘zaro aloqaga kirishishga sarflamasliklari kerak degan fikrdan kelib chiqamiz. Raqamlashtirish byurokratiyadan xalos bo‘lishni ko‘zda tutadi. Masalan, davlat organlarining atigi 18 turdagi ma’lumotnomalarni so‘rashni bekor qilinishi har yili qariyb 15 mln dollarini tejaydi va 12 mlndan ortiq fuqaroni byurokratik sansalorlikdan xalos qiladi», — deya ta’kidladi Ruslanbek Davletov.

Xulosa o‘rnida aytilganidek, «hech bir mamlakat insonlarni birlashtiradigan g‘oya va mafkurasiz rivojlana olmaydi. Bizga jamiyat intiladigan ideallar, qadriyatlarga aylanishi mumkin bo‘lgan g‘oya kerak».

«Biz hisobdorlik, adolatli qonunlar, ochiq hukumat, qat’iy qadriyatlarga ega halqchil va xolis sud tizimi kabi tamoyillarga amal qilishimiz kerak», — qayd etdi vazir.