O‘zbekiston Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zneftgazinspeksiya» tomonidan yoqilg‘i quyish shoxobchalarida iste’molchilarga benzin sotishda qoidabuzarliklar aniqlandi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Jumladan, 25−28 may kunlari inspeksiya tomonidan 113 ta xususiy korxonaga qarashli 117 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasida nazorat tekshiruvlari o‘tkazildi.

Tadbir davomida umumiy miqdori 393 ming litr neft mahsulotlari bilan bog‘liq qonun buzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, AYOQSHlar sig‘imlarida saqlanayotgan 2,4 mln litrdan ziyodroq neft mahsulotlaridan namunalar olinib, laboratoriya sharoitida tahlil etilganida 230 ming litr (10%) mahsulot sifatsiz ekanligi, 150 ming litr kamomad va 13 ming litr ortiqchalikka yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

43 ta holatda iste’molchilar haqidan har 10 litrda 10 ml dan 740 ml gacha urib qolinayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, tadbir davomida AYOQSHlarda 450 ga yaqin texnik va metrologik kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ham ma’lum bo‘ldi.

Respublika bo‘yicha aniqlangan qonun buzilish holatlarining asosiy qismi Andijon viloyati (94 ming litr), Surxondaryo viloyati (70 ming litr), Toshkent viloyati (44 ming litr), Namangan viloyati (38 ming litr), Sirdaryo viloyati (23 ming litr), Farg‘ona viloyati (39 ming litr), Toshkent shahri (18 ming litr), Jizzax viloyati (21 ming litr) va Samarqand viloyat (22 ming litr)lariga to‘g‘ri kelmoqda.

Aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.