Mo‘g‘uliston O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz tartibni joriy etdi. Bu boradagi kelishuvga 3 iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vazirlarining o‘rinbosarlari Furqat Sidiqov va Batsumber Munxjin uchrashuvida erishilgan.

Shu bilan birga uchrashuvda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston TIVlari o‘rtasida 2022−2023 yillarda hamkorlik dasturi, ikki mamlakat transport vazirliklari o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi protokol ham imzolandi.

Muloqot davomida O‘zbekiston bilan Mo‘g‘uliston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgani qayd etildi. Tomonlar siyosiy aloqalarni jadallashtirish, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirishdan birday manfaatdorligini ta’kidladi.

Muzokarada o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish borasida salmoqli salohiyat mavjudligiga ham e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, birinchi navbatda, meva-sabzavotlarning Mo‘g‘uliston bozoriga eksportini orttirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarining istiqbollari, shuningdek, Mo‘g‘uliston delegatsiyasining 2022 yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashi majlisidagi ishtiroki masalasi ko‘rib chiqildi.