AOKAda o‘tkazilgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov Haj ziyorati doirasidagi belgilangan talablarni ma’lum e’lon qildi.

Ziyoratchilar 18−30 iyun kunlari Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina yo‘nalishlari bo‘yicha safarga kuzatiladi va huddi shu yo‘nalishlar bo‘yicha 14−31 iyul kunlari qaytib kelishadi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi tomonidan qo‘yilgan qat’iy karantin talablariga ko‘ra, «Haj-2022» mavsumida ishtirok etish yosh chegarasi 65 yoshgacha etib belgilandi. Ushbu yosh chegarasiga 1957 yil 30 iyun kunigacha tug‘ilgan insonlar kiradi. Bu tartib — O‘zbekiston tomonining emas, balki Saudiya Arabistonining qat’iy talabi hisoblanadi.

Podshohlikdagi Sog‘liqni saqlash vazirligi talabiga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan Pfizer/BioNTech (AQSh-Xitoy), Oxford-AstraZeneca (Buyuk Britaniya-Shvetsiya), Moderna (AQSh) va Johnson & Johnson (AQSh) vaksinalarining to‘liq dozasini qabul qilgan bo‘lishlari shart.

Shuningdek, barcha ziyoratchilar Saudiya Arabistonining SSV talabiga ko‘ra, meningitga qarshi 4 valentli vaksinani qabul qilgan bo‘lishi zarur. Qolaversa, barcha fuqarolar Saudiya Arabistoniga kirishdan 72 soat oldin koronavirus diagnostikasi haqida salbiy natijali PZR-ma’lumotnomani taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, ziyoratchilar Madina shahrida «Masjidi Nabaviy»dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli «Zam-zam Pullman» va «Kraun Plaza» mehmonxonalarida, Makka shahrida esa «Abroj al-Hidoya» mehmonxonasida istiqomat qiladi.

Ularga soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi, shifokorlar va guruh rahbarlari jalb etiladi. Ziyoratchilar mehmonxonadan tashqari, Mino-Muzdalifa-Arafot manzillarida ham uch mahal issiq ovqat hamda bepul tibbiy xizmat bilan ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, hajga boruvchilar uchun to‘lov miqdori 2022 yildan deyarli 63 mln so‘mgacha ko‘tarilgani habar qilingandi. Shuningdek, bu yil O‘zbekistondan 10 865 kishi haj safariga boradi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 7 200 nafar edi.