«Haj-2022» mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 62 mln 900 ming so‘m etib belgilandi. Bu haqda AOKAda o‘tgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, narxlarning oshishiga Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingani sabab bo‘lgan. Shuningdek, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori bir necha baravar (30−40 foiz) oshgani ma’lum qilingan.

2019 yilda haj safari xarajatlari 33,3 mln so‘mgacha tushirilgandi, ya’ni avvalgi yilga qaraganda haj ibodatini amalga oshirish 10 mln so‘mga arzonlashtirilgandi. 2022 yilda belgilangan to‘lov miqdoriga solishtirganda, narxlar 29,6 mln so‘mga qimmatladi.

Ilhom Ma’rupovning so‘zlariga ko‘ra, Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy to‘lovlar joriy etilgan. «Shu bois dunyo mamlakatlari uchun haj xizmatlari narxi o‘rtacha 40−45 foizga ko‘tarilgan», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bu yil O‘zbekistondan 10 865 kishi haj safariga boradi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 7 200 nafar edi.