Hajga boruvchilar uchun to‘lov miqdori deyarli 63 mln so‘mgacha ko‘tarildi. Ziyoratchilar 18 iyundan safarga chiqadi.

«Haj-2022» mavsumi uchun ziyoratchilar 62,9 mln so‘m to‘lov qilishi kerakligi belgilandi. 2019 yilda Haj uchun to‘lov 33,3 mln so‘mga teng edi. Narxlar oshganligiga Saudiya hukumati tomonidan Haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingani sabab bo‘lganligi ta’kidlandi. Haj ziyorati 18 iyundan boshlanadi.

MB so‘m ramzi bo‘yicha tanlov g‘olibini e’lon qildi

Milliy valyuta — «so‘m» ramziga eng kreativ loyiha sifatida 508 ta ijodiy ish orasidan Jumagaldiyev Sarvar grafik belgisi g‘olib deb topildi. MB buni «milliy valyutaning o‘ziga xos timsolini yorqin ifoda etgan eng kreativ loyiha» deb atadi. Jami 17 mingta ariza kelib tushdi, finalga shundan 54 tasi o‘tdi.

Foto: Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon Xorazmga bordi

Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga tashrifining ikkinchi kunida Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatlar yetakchilari Urganchdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona faoliyati bilan tanishdi(foto).

Shavkat Mirziyoyev YeXHT raisini qabul qildi

Prezident YeXHT raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rauni qabul qildi. O‘zbekistonning YeXHTning barcha institutlari bilan hamkorligini kuchaytirish, demokratik yangilanishlar, jumladan konstitutsiyaviy islohotni ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish ustuvor ahamiyatga ega ekani aytildi.

20 iyundan Toshkent — Dushanbe poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Tafsilotlar

O‘zbekiston va Tojikistonni bog‘laydigan poyezd haftada bir marta Dushanbedan Samarqand orqali Toshkentga qatnaydi, deb xabar berdi «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati «Gazeta.uz» so‘roviga binoan. Safar vaqti — 21 soat.

Ayrim AYOQSHlarda benzin to‘liq quyilmayotgani aniqlandi — Energetika vazirligi

«O‘zneftgazinspeksiya» tomonidan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida bir qator qonunbuzarliklar aniqlangan. Xususan, 43 ta holatda iste’molchilarga benzin har 10 litr uchun 10 dan 740 ml gacha kam quyilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayoni boshlandi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yer uchastkalarini avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali xususiylashtirish uchun arizalarni qabul qilishni boshladi.

Mo‘g‘uliston o‘zbekistonliklar uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy qildi

Mo‘g‘uliston TIV O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz tartib joriy etilganini e’lon qildi.

Samarqandda turistlarga kuch ishlatgan ikki nafar IIB xodimi ishdan bo‘shatildi

Samarqandda qozog‘istonlik va mahalliy turistlarga kuch ishlatgan, shu jumladan, elektroshoker qo‘llagan Ichki ishlar bo‘limining ikki nafar xodimi ishdan bo‘shatildi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

2 nafar hokim o‘rinbosari ishdan olindi, 19 nafariga esa hayfsan berildi

Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov o‘tkazgan yig‘ilishda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyati ko‘rsatkichlari bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hokim o‘rinbosarlariga choralar ko‘rildi. Bo‘zatov tumani va Zarafshon shahri hokimlarining o‘rinbosarlari ishdan olinib, yana 19 nafar o‘rinbosarga hayfsan berildi.

Farg‘onada 40 nafar hokim yordamchisi lavozimidan ozod etildi

Farg‘ona viloyatida faoliyati qoniqarsiz deb topilgan 38 nafar hokim yordamchisi o‘z arizasiga ko‘ra, yana ikki nafari esa sud qarori asosida ishdan bo‘shatildi. Bundan tashqari, yaxshi natijaga erishgani uchun «Chekxitoy» mahallasidagi hokim yordamchisi Nurmatjon G‘oziyev esa prezident sovg‘asi bilan taqdirlandi.

Xorijiy OTMda kontraktda o‘qiyotgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya beriladi

Hukumat qarori bilan Xorijiy OTMda kontrakt asosida o‘qiyotgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya ajratiladi. Qolaversa, «Yangi O‘zbekiston» universitetining ayrim talabalariga davlat granti beriladi. Har ikki holatda ham talabgorlar o‘qish tugagach 5 yilgacha ishlab berishi kerak bo‘ladi.

Qoraqalpog‘istonda Rally Muynak — 2022 musobaqalari o‘tkazilmoqda

Qoraqalpog‘istonda 132 nafar poygachi 5 ta yo‘nalish bo‘yicha ralli bahslarida qatnashmoqda. Sportchilar Mo‘ynoqdan Orol dengizining hozirgi qirg‘og‘igacha 415 km masofani bosib o‘tadi. Musobaqa O‘zbekistonda motosport turlarini ommalashtirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Poytaxt hokimligi daraxtlarni tagi betonlangan holatlar haqida xabar berishni so‘radi

oytaxt hokimligi aholidan daraxtlar atrofi betonlangani yoki asfalt yotqizilayotgan holatlar haqida Xalq Nazorati platformasi orqali xabar berishni so‘radi. Ta’kidlanishicha, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijrochilar bilan tezda bog‘lanishga yordam beradi.

Toshkent hokimiyati aeroport oldidagi avtoturargohlarni Uzbekistan Airports balansiga o‘tkazadi

Poytaxt hokimiyati Toshkent aeroportiga tutash hududlarni Uzbekistan Airports balansiga o‘tkazadi. Kompaniya rahbari Ra’no Jo‘rayeva avvalroq, bu aeroport vokzaloldi maydonda o‘z loyihasi va rejasini amalga oshirish uchun zarurligini ta’kidlagandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotomateriallar:

«G‘alati ramz ekan, ilonga o‘xshaydimi-yey…». Jamoatchilik yangi so‘m ramziga qanday munosabat bildirmoqda?

«Yaxshiroq variantlar borligi aniq», «Bu qanaqadir xususiy bank logotipi emasku», «Koinotdan sovg‘a»… Jamoatchilik faollari o‘zbek so‘mining ramziy belgisi tanlovida g‘olib bo‘lgan loyiha bo‘yicha turlicha fiklar bildirishdi. Ayrimlar o‘z loyihalarini taklif qilishdi. «Gazeta.uz» ularni bir maqolaga to‘pladi.

Valyutalar belgilari tarixi — dollar, funt, rubl va boshqa valyutalar

Dollar, funt, rubl, tenge kabi valyutalar belgilari tarixi haqida bilasizmi? Belgilar dizayni nega aynan shunday ko‘rinishda? Ular qanday tarixga ega?

Rubl ko‘ringanidak mustahkam emasmi? Jahon OAVlari bu haqda nima demoqda

Rubl hozirgi kunda qanchalik mustahkam valyuta? Nega fevral oyidagi keskin pasayishdan so‘ng valyuta barqarorlashdi? Rossiya valyutasini qanday xavflar kutib turibdi?

Foto: Buyuk Britaniya qirolicha Yelizaveta II ning platina yubileyini nishonlamoqda

Buyuk Britaniyada qirolicha Yelizaveta II hukmronligining 70 yilligi sharafiga tantanalar bo‘lib o‘tmoqda. «Gazeta.uz» londonliklar va qirollikning boshqa shaharlari aholisi qirolicha yubileyini qanday nishonlayotgani aks etgan suratlarni e’tiboringizga havola etadi.

Cho‘milish taqiqlanadi. Qanday qilib Toshkent shahar plyajlarisiz qoldi?

Jazirama yoz kunlari ochiq suv havzalarida cho‘milishning paytiligiga qaramay, so‘nggi yillarda Toshkentda fuqarolar uchun birorta ham suv havzasi barpo etilmadi, borlari ham yo‘q qilindi. XX asr shaharsozlari qanday qilib Toshkent iqlimiga mos obyektlar qurgan va nima uchun suv havzalarini qaytarish kerak?

«Fuqarolar vaqtlarini davlat bilan o‘zaro aloqaga kirishishga sarflamasligi kerak» — Ruslanbek Davletov

Davlat organlarining 18 turdagi ma’lumotnomalarni so‘rashi bekor qilinishi har yili qariyb 15 mln dollarni tejaydi va 12 mlndan ortiq fuqaroni byurokratiyadan xalos qiladi, dedi adliya vaziri Ruslanbek Davletov Gaagadagi forumda. U O‘zbekistondagi islohotlarning «muvaffaqiyat uchburchagi» haqida gapirdi.