Deyarli har bir pul birligi, ayniqsa xalqaro valyutalar o‘z belgisiga va tarixiga ega. Belgilar ham ushbu valyutalarning xususiyatlari, tarixi bilan chambarchas bog‘liq va har bir valyuta belgisi ostida qandaydir tarix yotadi. «Gazeta.uz" ushbu maqolada turli valyutalar belgilarining tarixi va qanday yaralgani haqidagi ma’lumotni taqdim etadi.

Dollar — $

Dollar belgisining ($) keng tarqalganiga va hamma joyda uchrashiga qaramasdan, uning kelib chiqish tarixi mutlaqo aniq emas. Dollarning yuzdan bir qismi hisoblanadigan «sent» birligining belgisi qanday paydo bo‘lgani tushunarli — ingliz tilidagi «c» harfining ustiga vertikal chiziq tortilgan, ammo nega dollar belgisida «D» harfi yo‘q?

$ belgisining paydo bo‘lishini ko‘pincha «U» va «S» harflari bilan bog‘lashadi. Eng mashhur tahminlarga ko‘ra, belgi United Stated (Qo‘shma Shtatlar), Uncle Sam (Sem Tog‘a — AQShning inson ko‘rinishidagi tasviriy ramzi) so‘zlarining qisqartmasi deya ta’kidlanadi. Ushbu taxmin ilk bor 1876 yilda London ilmiy jurnallaridan biri Notes and Queries nashrida keltirilgan.

Yana bir talqinda dollar belgisi ilk bor nyu-orleanlik tadbirkor Oliver Pollok tomonidan 1778 yilda o‘ylab topilgani, belgining aynan u tomonidan ommaga ko‘rsatilgani aytiladi. Kelib chiqishiga ko‘ra irlandiyalik bo‘lgan bu tadbirkor Shimoliy Amerikada 1775−1783 yillar davomida bo‘lib o‘tgan mustaqillik urushida ispanlardan qurol sotib olib, amerikaliklarga sotgan. Bu vaqtda AQShda asosiy pul birligi sifatida ispan piastrlaridan foydalanilgan, ushbu birlik esa qog‘ozlarda «PS» harflari bilan belgilab kelingan. Shuningdek, peso (pesos) pul birligi ham «Ps» yoki «Ps» ko‘rinishida belgilangan bo‘lib, dollar belgisining paydo bo‘lishi haqidagi yana bir talqinda «P» va «S» harflarining birlashtirilishi bilan izohlashadi.

Foto: 1792 yilda AQSh prezidenti Jorj Vashington tomonidan yozilgan eski obligatsiya — AQSh moliyaviy hujjatida dollar belgisining ilk bor qo‘llanilishi / Getty Images.

Afsuski, dollar belgisining qanday kelib chiqqani borasida aniq ma’lumotlar yo‘q, go‘yoki uning dizayni ma’sus kimdir tomonidan ishlab chiqilmagandek. Chunki ushbu belgi hozirgacha turlicha tasvirlanadi — ba’zan ikkita vertikal chiziq bilan, ba’zan esa bitta.

Bundan tashqari, ayrim manbalarga ko‘ra dollar belgisi ispan qirolligi oilasi gerbining biroz o‘zgartirilgan tasviri bo‘lishi ham mumkin. Umuman olgan ushbu — dollar sign belgisi atrofida taxminlar juda ko‘p, ammo «dollar» so‘zining kelib chiqishida bunday chalkashlik deyarli yo‘q. 1520 yilda Bogemiya qirolligi Ioaximstal shaxtasidan olingan kumushdan tangalar yasashni yo‘lga qo‘yadi. Tangalarni «ioaximstaler» deb atash qulay bo‘lmaganligi uchun, tangalar butun dunyo bo‘ylab «taler» nomi bilan tarqala boshlagan. Shuningdek, gollandlar qo‘llagan «daler» so‘zi Amerikaga ko‘chib kelgan ilk immigratnlar bilan birga kirib borib, keyinchalik «dollar»ga aylangan bo‘lishi ham mumkin.

Belgining internetda va elektron hujjatlarda qo‘llanilishiga keladigan bo‘lsak, $ — 1993 yili rasman Yunikodning ilk versiyalaridan biriga kiritilgan.

Funt — £

Buyuk Britaniya rasmiy valyutasi funt sterlingi belgisining tarixi dollarnikichalik chalkash emas. Ammo funt belgisi ham ancha qadimiy hisoblanadi. Funt pul birligining belgisi £ (yoki ₤) lotin alifbosidagi «L» harfidan olingan. Belgi lotin tilidagi «libra pondo» — «funt og‘irligida» so‘zlarining abbreviaturasidan olingan bo‘lib, rimliklar bu atamani og‘irlik o‘lchov birligi sifatida qo‘llashgan. Anglosaksonlardan tashkil topgan Angliyada esa funt pul birligiga, ya’ni bir funt og‘irlikdagi kumushga teng miqdorga aynlangan.

Anglosakonlar rimliklardan atamadan tashqari, chiroyli ko‘rinishga ega belgini ham «meros qilib olishgan». «L» harfi o‘rtasiga tortilgan chiziq esa keyinchalik, belgini oddiy harfdan ajratib olish uchun qo‘llanila boshlagan.

Ushbu belgi ma’lum bir vaqt davomida Italiya lirasini (1861 yildan 2002 yilgacha muomaladan bo‘lgan) belgilash uchun ham qo‘llanilgan. «Lira» so‘zining o‘zi ham qadimgi Rim imperiyasida qo‘llanilgan og‘irlik va pul birligi — «libra» so‘zidan olingan.

Pound Sign, ya’ni funt belgisi ham 1993 yilda rasman Yunikod belgilaridan biriga aylangan.

Yevro — €

Yevro pul birligi 1992 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakati kuchlarini birlashtirish maqsadida tuzilgan Maastrixt shartnomasi natijasida yuzaga kelgan. € belgisi Yevropa komissiyasi tomonidan, tanlab olingan o‘nta tasvirlar orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida tanlangan. Yevro belgisi — € aslida lotin alifbosidagi «Ye» harfidan emas, balki yunon alifbosidagi epsilon harfidan olingan. Chunki Gretsiya demokratiyaning vatanidir, demokratiya esa butun Yevropa mamlakatlaridagi asosiy boshqaruv tuzumi hisoblanadi.

Yevro belgisi 1998 yilda rasman Yunikod belgilaridan biriga aylangan.

Yuan va Iena — ¥

Xitoy Xalq Respublikasi milliy valyutasi yuan va Yaponiya pul birligi iyena bir xil ko‘rinishdagi belgiga ega — ¥ (yoki Ұ).

1953 yil 11 may kuni Xalqaro valyuta fondi yapon iyenasining paritetini 2,5 mg oltinga teng deb belgiladi va xalqaro valyuta nomini oldi. Shu bilan birga, iyena lotin alifbosidagi «Y» harfi ko‘rinishida o‘z belgisiga ega bo‘ldi (asosan — ¥ ko‘rinishiga ega). Keyinchalik xuddi shu belgi Xitoy yuanini belgilashda ham qo‘llanila boshlandi (asosan o‘rtasiga bitta chiziq tortilgan ko‘rinishda — Ұ).

Ushbu belgilar ham Yunikodga 1993 yildagi ilk versiyalariga qiritilgan.

Rubl — ₽

Rossiya rubli belgisining hozirgi ko‘rinishiga yaqinroq bo‘lgan ko‘rinishlarini 1999−2000 yillarda dizayner-grafiklar o‘rtasida «Dengi» nomli jurnal tomonidan o‘tkazilgan «Znak rublya» tanlovida taklif qilishgan.

Grafika: «Znak rublya» tanlovi final bosqichida qatnashgan belgilar.

Tanlovda 300 dan ortiq mualliflar 1000 ga yaqin belgilar taklif qilishgan. Ammo ahamiyatli jihati, tanlov davomida rubl belgisi XVII-XIX asrlarda qo‘llanib kelingani to‘g‘risidagi ilk dalillar topildi.

Shuningdek, bu kabi tanlovlar 2005−2007 yillarda, jumladan 2006 yilda RIA Novosti tomonidan ham o‘tkazilgan. 2006 yilda bu borada bir qarorga kelish uchun Rossiya hukumati jiddiy kirishadi va valyuta belgisi borasida bir qator talablar e’lon qilinadi. 2007 yil o‘rtalariga kelib bir qator dizaynerlik studiyalari rubl belgisining hozirgi ko‘rinishi — ₽ belgisini taklif qilishadi. Biroq bu borada bir qarorga kelish ortga surilaveradi va nihoyat 2013 yilda Rossiya Banki internet foydalanuvchilari o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazadi. So‘rovnomada 280 mingdan ortiq kliklar bo‘lib, birinchi o‘rinni olgan belgiga 61% ishtirokchi ovoz bergani aytiladi. Biroq so‘rovnoma anonim tarzda o‘tkazilgani uchun eng ko‘p ovoz to‘plagan belgilar ochiqlanmaydi. Ammo 2013 yil dekabrida 61% ovoz to‘plagan belgi ohir-oqibat rasman rubl belgisi deb e’lon qilinadi.

2014 yilda rubl belgisi Yunikod belgilari qatoriga kiritiladi.

Tenge — ₸

Qozog‘iston milliy valyutasi tenge ham o‘z belgisiga ega bo‘lib, ushbu belgi 2006 yilda Qozog‘iston Milliy banki tomonidan o‘tkazilgan tanlov asosida tanlab olingan. Tanlov uchun yuborilgan 30 ming tasvir ichidan 2007 yil 29 mart kuni bitta belgi — «₸» tanlab olingan. Tanlovda g‘olib chiqqan mualliflarga Qozog‘iston Milliy banki tomonidan bir million tenge (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha — 8 ming dollar) va «Alyans» banki tomonidan 5 ming dollar miqdorida sovrin puli taqdim etilgan.

Qozog‘iston tengesining belgisi 2009 yilda Yunikod belgilari qatoriga kiritilgan.

Boshqa valyutalar belgilari

Shuningdek, Ozarbayjon manati o‘z belgisiga 2006 yilda (belgisi — ₼), turk lirasi 2012 yilda (turk lirasi — ₺), Qirg‘iz somi 2017 yilda («c» harfi ostiga bitta ustun tortilgan qo‘rinishda) ega bo‘lgan. Valyuta belgisini Afg‘oniston milliy valyutasi — afg‘oniyda (belgisi arab yozuvidan olingan — ؋) ham ko‘rish mumkin.