Toshkent shahar hokimiyati poytaxt aeroportiga tutash hududlarni Uzbekistan Airports balansiga o‘tkazadi. Bu hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning 30 maydagi qarorida qayd etilgan.

Gap «Toshkent-2» xalqaro terminali va mahalliy reyslar uchun «Toshkent-3» terminali atrofidagi avtomobil turargohlari, qolavesa, Sergeli tumanining Qumariq ko‘chasidagi joylashgan munitsipal avtoturargohlarni tegishli hududlar bilan birgalikda berish haqida ketmoqda.

Dekabr oyi oxirida Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva vokzaloldi maydonda o‘z loyihasi va rejasini amalga oshirishi uchun hokimiyat tutash hududlarni aeroportga berishi kerakligini ma’lum qilgandi.

«Yer bizga hali berilmagani bois, u yerdagi vokzaloldi maydonini o‘zimiz tasavvur qilgandek tashkil eta olmaymiz. Hech kim sizdan pul talab qilmasligi uchun [avtomatlashtirilgan kirish qurilmalari] allaqachon rejalarimiz bor. Ya’ni, bu vokzaloldi maydonida harakatni odamlar ishtirokisiz boshqarish usuli», — degandi u.

Ra’no Jo‘rayeva yaqinda qabul qilingan «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunni inobatga olgan holda hozirda yer uchastkalarini hokimlik tasarrufidan aeroportga o‘tkazish masalasi hal qilinayotganini aytgandi.

«Ushbu saytlarni olishimiz bilan biz ularni tegishli tizimlar bilan jihozlaymiz va u yerdagi avtoturargohlarni boshqarishni ta’minlay olamiz. Bular aeroportdan yo‘lning narigi tomonida, to‘g‘ridagi va o‘ngdagi bir nechta avtoturargohlardir. Hokimlik mana shu yer uchastkalarining barchasini u yerlarda mashinani arzonroqqa qoldirish mumkin bo‘lishi uchun har xil narxlardagi avtoturargohlar tashkil etish uchun bizga bermoqda», — degandi Uzbekistan Airports rahbari.