2−30 iyun kunlari O‘zbekiston bo‘ylab «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik» shiori ostida Yoshlar oyligi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov ma’lum qildi.

Oylik davomida «mahalla-sektor-tuman-hudud-respublika» darajasida yoshlar festivallari va forumlari, tanlov va sport musobaqalari tashkil etiladi.

O‘tkaziladigan tadbirlar ro‘yxati:

  • Qadimiy Buxoro shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar yoshlari ishtirokida «IV Yosh liderlar forumi»;
  • Navoi viloyatida tarixda birinchi bor shaxmat bo‘yicha «Yoshlar ishlari agentligi kubogi» final bosqichi;
  • Samarqand viloyatida «Bolalar ligasi», Stritbol va «Street workout» musobaqalari final bosqichi;
  • Xorazm viloyati mezbonligida «Yengil atletika» musobaqasi final bosqichi;
  • Toshkent viloyatida «Eng namunali maktab va mahalliy Sardorlar Kengashi» tanlovlari, Stol tennisi va Ot sport turi bo‘yicha «Yoshlar kubogi» musobaqasi,
  • Farg‘ona viloyatida «Yosh tadbirkorlar» va «Yosh hunarmandlar» Respublika forumi;
  • Sirdaryo viloyatida «Munozara» intellektual o‘yini;
  • Jizzax viloyatida «Shashka» bo‘yicha musobaqa final bosqichi;
  • Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida yigit va qizlar o‘rtasida Voleybol musobaqasi final bosqichi;
  • Andijon viloyati «Zukko kitobxon» intellektual o‘yini Respublika bosqichi,

Toshkent shahrida esa Shanhay hamkorligi tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar yoshlari o‘rtasida «UNICORNS ShHT» startap tanlovi o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Yoshlar Kengashining 15-yig‘ilishi, nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida «Inklyuziv sayl», Kibersport musobaqasi, «Zakovat» intellektual o‘yini, «Quvnoqlar va zukkolar», «Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob», «Mushoira» va «Yosh kitobxon oila» tanlovlarining yakuniy bosqichlari o‘tkaziladi.

Oylik yakuni sifatida 30 iyun — «Yoshlar kuni»da Toshkent shahrida Respublika yoshlar forumi tashkil etiladi.