Tojikiston prezidentining tashrifi doirasida Zarafshon daryosida Yavan gidroelektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Emomali Rahmon ramziy tugmani bosib, qurilishga start berdilar.

Qayd etilishicha, ushbu inshoot energetika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikda birinchi yirik loyiha bo‘ladi. 140 megavatt quvvatli zamonaviy stansiya mamlakatlar energetik xavfsizligi, suv va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Muhandislik ishlari to‘liq zamonaviy standartlar asosida, ilg‘or xorijiy kompaniyalar ishtirokida olib borilmoqda.

Loyihani moliyalashtirishga yetakchi xalqaro institutlar, shu jumladan Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki qiziqish bildirgan.

Ushbu loyiha tarmoqning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash, minglab xonadonlar va yangi korxonalarini «yashil» energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik gidroenergetiklar Tojikiston hududida GES qurishi to‘g‘risida 2020 yilda xabar qilingan edi. O‘shanda «Yavan» GES qurish loyihasining dastlabki qiymati 282 mln AQSh dollariga teng ekani ma’lum bo‘lgandi.