AQShning Oklaxoma shtati Talsa shahridagi kasalxona hududida joylashgan ortopediya markazida otishma yuz berdi, deya xabar qildi CNN shahar politsiyasiga tayanib.

Hodisa natijasida kamida besh kishi halok bo‘lgan. Hujumchi ham o‘lgan; u o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin. Shoshilinch ravishda binoni tark etishga uringanlar orasida qurbonlar ham bor. Shuningdek, otishmada bir necha kishi yaralangan.

O‘q otgan 35−40 yoshlardagi erkak miltiq va to‘pponcha bilan qurollangan. Uning ismi va sabablari hozircha oshkor etilmagan. Biroq politsiya allaqachon otishma joyi tasodifiy bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

«U shunchaki tasodifiy odamlar bilan to‘la kasalxonani topishga qaror qilmagan. U ataylab bu yerga kelishni tanladi, uning harakatlari qasddan qilingan «, deya Talsa politsiyasi xodimi Richard Myulenberg so‘zlaridan iqtibos keltirdi The New York Times.

Gun Violence Archive ma’lumotlariga ko‘ra, Talsadagi hujum 2022 yil boshidan beri AQShda sodir bo‘lgan 233-ommaviy otishma bo‘ldi. Ushbu hodisalarda 260 dan ortiq odam halok bo‘ldi.

Avvalgi ommaviy otishma may oyi oxirida Texasning Uvalde shahrida sodir bo‘lib, 18 yoshli o‘rta maktab o‘quvchisi boshlang‘ich maktabda o‘t ochgan edi. Oqibatda 21 kishi, jumladan, 19 nafar bola va ikki nafar o‘qituvchi halok bo‘lgan. Hujumchi otib o‘ldirilgan.

Uvaldadagi otishmadan keyin AQSh prezidenti Jo Bayden yana bir bor qurol savdosini kuchaytirishga chaqirdi. «Biz xalq sifatida o‘zimizdan so‘rashimiz kerakki, biz qachon Xudo nomi bilan qurol lobbisiga qarshi chiqamiz? Men bundan charchadim. Biz harakat qilishimiz kerak», dedi Bayden.