1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan respublikadagi Mehribonlik uylari, imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari, shuningdek, mahallalarda istiqomat qiluvchi iqtidorli bolalar senatorlar bilan uchrashib, Senat faoliyati bilan tanishdi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Bolalarga qonunlar qabul qilish jarayonlari, ularning ijrosi ustidan parlament nazoratini tashkil etish haqida so‘zlab berildi. O‘g‘il-qizlar o‘z navbatida o‘qish, sport va boshqa yo‘nalishlarda erishgan yutuqlari, kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Farzandlarimizning orzu-istaklarini tinglab, kelajakda albatta yetuk mutaxassislar, yurtiga sadoqatli insonlar bo‘lib yetishishlariga ishonch bildiramiz, Vataniga munosib o‘g‘il-qizlar bo‘lib ulg‘ayishadi deb ishonch bilan ayta olamiz!», — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.