Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi davlat ta’lim muassasalariga 1-sinf o‘quvchilarini qabul qilish, boshqa maktabga ko‘chirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqildi.

Bu hukumatning 1 iyundagi «Xalq ta’limi tizimida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi [295-son] qarorida qayd etilgan, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjat bilan quyidagilar bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlandi:

  • bolalarni davlat maktablariga qabul qilish hamda o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish;
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlarini maktabga qabul qilish uchun arizalar olish;
  • eksteriat tartibida imtihonlar olish uchun arizalar qabul qilish;
  • umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjatlari dublikatini berish.

Hujjatga ko‘ra, o‘quvchilarni 1-sinfga qabul qilish va maktabini o‘zgartirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan hududlar ro‘yxati har yili 1 maygacha tasdiqlanadi va Xalq ta’limi vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Shuningdek, bolalar 1-sinfga 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi belgilanmoqda. Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun ariza beruvchidan yig‘im undirilmaydi.

O‘z navbatida, ariza beruvchi mikrohudud bo‘yicha maktabga qabul qilish uchun har yili 20 iyundan 31 iyulgacha YAIDXP yoki Xalq ta’limi vazirligining elektron xizmatlar portalida ro‘yxatdan o‘tishi ko‘zda tutilgan. Ariza beruvchining yashash manzili bo‘yicha u o‘qigan maktabdagi kabi ta’lim tili bo‘lmagan taqdirda, yaqin hududda joylashgan boshqa maktab mikrohudud sifatida ko‘rsatilishi mumkin.

Ariza hududiy xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, mikrohudud bo‘yicha maktabga yuboriladi yoki sababi ko‘rsatilgan holda qaytariladi. Bu haqda ariza beruvchilarga xabar yuboriladi. Shuningdek, ariza beruvchi farzandi bilan birgalikda mikrohudud bo‘yicha yuborilgan maktabga onlayn navbat asosida borishi va bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomani maktabga taqdim etishi belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, bolani maktabga olish yoki rad etish to‘g‘risida qaror maktab qabul komissiyasi tomonidan 1 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Bolani maktabga qabul qilishni rad etishda komissiya uchta asosga ega bo‘lishi belgilanmoqda. Unga ko‘ra:

  • tibbiy ma’lumotnomada maktabda ta’lim olish tavsiya etilmagan bo‘lsa;
  • tanlangan tilda bola boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa;
  • so‘rovnomadagi ma’lumotlar noto‘g‘riligi aniqlansa.

Shuningdek, umumta’lim maktablarining o‘quvchi o‘rni, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlanganligi, sinf xonalarining o‘quv mebellari bilan jihozlanganligidan kelib chiqib, umumta’lim maktablarining bo‘sh o‘rinlariga mikrohududdan tashqari qo‘shimcha qabul jarayonlari 2022 yilning 1−15 avgust kunlari amalga oshiriladi.

Mazkur tartib faqatgina Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktablarga nisbatan qo‘llaniladi.