2015 yildan boshlab O‘zbekistonda yodlanmagan oziq-ovqat tuzini ishlab chiqarish va sotish taqiqlangan. Qonun qabul qilinayotgan vaqtda mamlakatda yod tanqisligi holatlarining tarqalishi 40 foizni tashkil etgani xabar qilingan edi. Yodlangan tuz iste’molini ko‘paytirish masalasi aholi salomatligini yaxshilashga qaratilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan yodlangan osh tuzi ishlab chiqarish va qadoqlash korxonalari mahsulotlari o‘rganilib, ayrim ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari belgilangan talablarga to‘liq javob bermasligi aniqlandi.

Chorshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda SES matbuot xizmati rahbari Maftuna Saidova O‘zbekistonda yodlangan tuz ishlab chiqarish va qadoqlash bo‘yicha 117 ta korxona faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi. Yil boshidan buyon 47 ta korxonada, may oyida 7 ta korxonada tekshirishlar o‘tkazildi.

Ushbu 7 ta korxonadan 11 ta tuz namunasi olindi. Tekshiruv namunalarning 27,2 foizi belgilangan standartlarga javob bermasligini ko‘rsatdi. Natijada Toshkent shahri, Toshkent va Surxondaryo viloyatidagi korxonalarda 50,6 tonna osh tuzini sotishga chek qo‘yildi. Mahsulotlarni yod bilan qayta boyitish uchun jo‘natishga buyruq berildi. 7 nafar mansabdor shaxsga nisbatan tegishli hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun sudga taqdim etildi.

SES vakili, shuningdek, o‘tgan yili mutaxassislar Farg‘ona vodiysidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida selektiv tadqiqot o‘tkazgan va tekshirilgan bolalarning 30 foizida yod tanqisligi aniqlanganini aytdi. Mintaqada iste’mol qilinadigan tuzni o‘rganish davomida uning tarkibida 10−53,3% gacha yod miqdori yetarli emasligi ma’lum bo‘ldi.

«Epidemiologik vaziyatni to‘liq baholash uchun butun mamlakat bo‘ylab yanada kengroq monitoring o‘tkazish, statistik ma’lumotlarni o‘rganish zarur», — deydi Maftuna Saidova.

Eslatib o‘tamiz, yod tanqisligi ayollar salomatligiga, bolalar va o‘smirlarning jismoniy va aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Saqlash talablariga rioya qilinmasa, tuzdagi yod miqdori kamayishi mumkinligini yodda tutish kerak.