O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari yozda Rog‘un gidroelektrstansiyasi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyani eksport qilish maqsadlari aks etgan memorandumni imzoladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tojikiston tomonining ma’lum qilishicha, hozirda Rog‘un GESning barcha agregatlarini bosqichma-bosqich ishga tushirish jarayoni davom etmoqda.

Elektr energiyasini yetkazib berish shartlari, rejimlari, hajmlari va tariflari joriy yil oxirigacha imzolanishi rejalashtirilgan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha alohida shartnoma doirasida ko‘rib chiqiladi.

Taxminan gap 10 yillik muddat uchun tuziladigan shartnoma haqida ketayapti, deb qayd etdi vazirlik.

Rog‘un GES haqida

Rog‘un GES to‘g‘onining qurilishi 2016 yil oktabr oyida Vaxsh daryosi bo‘yida joylashgan Rog‘un shahrida boshlangandi. Marosimda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etgan. 335 metr balandlikdagi gidroelektr to‘g‘oni dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on hisoblanadi.

Vaxsh daryosidagi stansiyalar kaskadida joylashgan Rog‘un GES har biri 600 MVt quvvatga ega 6 ta blokdan iborat. Umumiy quvvati 3600 MVt (17 milliard kVt/soatdan yuqori) bo‘lgan Rog‘un GES mintaqadagi eng yirik gidroelektrstansiya hisoblanadi.

Birinchi GES agregati Tojikiston prezidenti tomonidan 2018 yilning noyabr oyida ishga tushirilgan edi. Marosimda bir qator davlatlar, jumladan, O‘zbekistonning yuqori martabali vakillari ishtirok etgan. Birinchi blok ishga tushirilgach, GES mamlakat umumiy energetika tizimiga ulandi.

Ikkinchi blok 2019 yil sentabr oyida ishga tushirilgan. Mamlakat mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda prezident Emomali Rahmon ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston mamlakat rahbariyati o‘zgarishidan oldin Rog‘un GESi qurilishiga qarshi bo‘lib, seysmikligi yuqori bo‘lgan tog‘li hududda dunyodagi eng baland to‘g‘on paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan va loyihani qayta ko‘rib chiqishga chaqirib, kichik va o‘rta GESlar qurilishini afzal ko‘rgan.