«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov YPX xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi nima sababdan fraksiya tomonidan ma’qullanganini tushuntirishga harakat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat faqatgina bitta moddadan iborat emas.

«Ey baraka topkur, xovliqmasdan, tarqatadigan axborotingni, biroz o‘zingni qiynab tagiga yetsangchi. Qonun fraksiyada birinchi o‘qishda ma’qullandi. Chunki qonun faqat bitta moddadan iborat emas», — dedi u.

Gap yo‘l harakati tizimini takomillashtirish maqsadida Jinoyat, Jinoyat protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish kiritish haqida ketmoqda. Unga ko‘ra, inspektorlar tasvini internetda tarqatganlik uchun 15 mln so‘m jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini belgilash taklif etilmoqda.

Bir necha kun avval XDP fraksiyasi sabablar asosli ochib berilmaganligi uchun mazkur qonunni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishni rad etgani haqida yozgandik. Mazkur xabardan so‘ng, boshqa partiyalar qonunni qo‘llab-quvvatlayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

E’tiborli jihati, taklif etilayotgan qonun loyihasi na tashabbuskorlar, na Qonunchilik palatasi tomonidan e’lon qilinmagani bois ko‘pchilikda faqat YPX inspektorlarini suratga olishni taqiqlovchi norma ko‘rib chiqilayapti, degan tushuncha hosil bo‘ldi. Sababi hujjatning boshqa moddalari jamoatchilik e’tirozlari bildirilmaguncha quyi palata va deputatlar tomonidan ochiqlanmadi.

Jumladan, Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ham seshanba kungi majlisda «yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi qonunchilikda juda ko‘p bo‘shliqlar borligini» aytib, qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokamalarga sabab bo‘lishi va shunga ko‘ra o‘zgartishlar kiritilishini ta’kidlagandi.

«Milliy tiklanish» partiyasi 31 may kuni soat 19:00 dan keyin e’lon qilgan videoda deputatlar ichki ishlar xodimlarini suratga olishni taqiqlashga oid normaga o‘zining e’tirozlarini bildirganini ko‘rish mumkin.


Nodir Tilavoldiyev.

Deputat Nodir Tilavoldiyevning fikricha, MJtKning 195−2-moddasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga obro‘sizlantirsa, ularga nisbatan jazoni kuchaytirib, 15 sutkagacha qamash ko‘rsatilayapti. «Bu narsani umuman chiqarib yuborish kerak bo‘ladi. Chunki eng katta e’tiroz, aholi intiqlik bilan e’tibor berayotgan masala aynan shu moddaga kelib taqaladi», — dedi u.

Fraksiyaning yana bir a’zosi Kozim Tojiyev qonun tashabbuskorlarida ichki ishlar xodimini obro‘sizlantirish yoki haqorat qilishning maqsadini kim belgilab berishini so‘radi.

Kozim Tojiyev.

«Ertaga buning maqsadi nima ekanligini belgilovchi normalar bormi? Shunchaki qo‘ydik, bu yerda maqsad obrosizlantirish yoki haqorat qilish emas edi, degan gaplar bo‘lsa ertaga buni kim qanday talqin qiladi? Talqin qilish bilan bog‘liq masalalar bor. Albatta bu normalarni ham ko‘rib chiqish kerak. Qonunning nomiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq. Bu qanchalik konsepsiyaning nomiga to‘g‘ri keladigan norma, degan savollar ham bo‘ldi», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur moddani jiddiyroq ko‘rib chiqib, muhokama qilish zaruriyati mavjud.

Videolarda deputat Davron Aripov mazkur normani aniq misollar bilan tanqid qilganini ko‘rish mumkin.

Davron Aripov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar suratga olmasdan o‘zining haqligini aytadigan bo‘lsa, unga hech kim ishonmasligi mumkin.

«Sababi-ki, idora nima bo‘lgan taqdirda ham o‘zining xodimini himoya qiladi. Shu yerda xolislik bo‘lmay qoladi. Faqatgina shu faktni tasdiqlab beradigan video yoki audio yozuv bo‘lishi mumkin. Masalan, yaqinda videolar tarqab ketdi. O‘zining pogonini o‘zi yulib tashlab, ayol kishiga to‘nkab quydi. O‘sha paytda agar video bo‘lmaganida o‘sha ayol pogonni yulib tashlaganga aylanib qolardi», — dedi u.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Ezgulik jamiyati xabariga ko‘ra, deputat keltirgan holatda sud ayol kishini aybdor deb topib, unga tegishli jazoni ham belgilagan.

Deputatning fikricha, huddi shunaqangi holatlar uchun ham video olishga ruxsat berilishi kerak.

«Lekin, qachonki u adolatini topa olmasa, murojaati hech kayerda ko‘rib chiqilmasa, [ijtimoiy tarmoqlarga] olib chiqishga majbur bo‘ladi. Bu narsani minglab jarima bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. „Mana ko‘ringlar organlarning qanaqaligini“, deydi. Bu yerda hech qanaqa obro‘sizlantirish ham, haqorat ham bo‘lmaydi. Sababi u faktni qo‘yayotgan bo‘ladi», — dedi Davron Aripov.

Jahongir Shirinov.

Fraksiya a’zosi Jahongir Shirinovning ta’kidlashicha, aslida bu fuqaroni himoya qiladigan norma bo‘lishi zarur.

«Haqorat qilganlik yoki obro‘sizlantirganlikni ko‘rib chiqish huquqi „GAI“ (IIV YHXX), ichki ishlar organlarida emas — sudga berilgan bu huquq. Ertaga ichki ishlar organi sudda isbotlashi kerak. Bu fuqaro haqiqatdan ham shuni (videoni internetda tarqatganlikni) obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida kiritganini isbotlab bersagina javobgar bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan har qanday holatda [internetda] tarqatgani uchun javobgar bo‘lishi kerak, deb bo‘lmaydi», — dedi u.

Deputatning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston ochiq davlat siyosatini yuritayapti va qonunlar ham shunga mos bo‘lishi kerak.


«Milliy tiklanish» fraksiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, nizoli holatda YPX xodimini tasvirga olishni hech kim taqiqlamoqchi emas.

«Bu qonun yo‘llardagi tartibsizliklarni keltirib chiqarayotgan, oilalarga fojea olib kirayotgan beboshlarni jilovlashga va jazolashga xizmat qilishi kerak. Nizoli holatni videotasvirga olish va huquqini himoya qilish maqsadida foydalanishni (masxaralash, tahqirlash va boshqa g‘araz maqsadlarda emas) hech kim taqiqlamoqchi emas. Jazo ham oshirib yuborilgan, bu ham jiddiy ko‘rib chiqiladi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilinadi. «Qonun yo‘llarimiz xavfsiz va xotirjam bo‘lishi uchun tashabbus qilingan, uni takomillashtirishga hissa qo‘shadigan hammaning taklifiga quloq solinadi va rahmat aytiladi», — dedi deputat.

E’tirozli taklif

Ichki ishlar vazirligi YPX xodimi suratini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga qaroriga o‘zgartirish kiritishni taklif qilgandi. O‘shanda jamoatchilik muhokamasi 14 martdan 29 mart kunga qadar davom etgandi.

Mazkur o‘zgartishlarga prezidentining «Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022 yil 8 fevraldagi [PQ-118-son] qarori asos qilib olingan.

Biroq, prezidentning mazkur qarori hozirgacha, oradan 4 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsada, qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — Lex.uz sayti, Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram-kanali yoki O‘zbekiston axborot agentligida ham e’lon qilinmagan.

IIVning mazkur taklifi jamoatchilik tomonidan keskin kutib olindi. Jumladan, Davletovuz yozishicha, «bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam». Bloger Nurbek Alimov esa bu bilan jamoatchilik nazorati yo‘qolishini ta’kidladi.

Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa mazkur holatga huquqiy nuqtai nazardan e’tibor qaratgandi.

«Bu yerda cheklov faqat qonun bilan bo‘lishi kerak, Vazirlar Mahkamasining bunga vakolati ham, huquqi ham yo‘q. Nahotki loyiha mualliflarining shunga aqli yetmagan?», — deydi u.

U shuningdek, quyidagicha savol bilan ham yuzlangan edi: «Yetar endi. Qachondir tugashi kerakku bunaqa ishlar. Hadeb orqaga qaytaveramizmi? Nahotki ichki ishlar tizimini xalqning haqiqiy madadkori va do‘stiga aylantirishning boshqa birorta yo‘li yo‘q bo‘lsa?».

Avvalroq, mazkur holatga Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham «xalqdan nimadir talab qilishdan avval inson o‘zi xalqqa namuna bo‘lishi kerak» deya munosabat bildirgandi. «Buni prezident topshirig‘i, deya talqin qilmoqda. Lekin bizningcha bu ko‘proq vazirlikning xohishi, balki Bekmurod Abdullayev janoblarining o‘zi istayapti… Albatta biz bu kabi demokratiyaga zid, jamoatchilik nazoratini cheklaydigan qonunlar qabul qilinishiga qarshimiz», — degandi u.

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov mazkur taklif ishlab chiqilishidan oldinroq, taqiq bo‘lmasligini aytgandi. «Ushbu taklif ishlab chiqilgach, loyiha shaklida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, hamma bu borada o‘zining fikrini bildirishi mumkin bo‘ladi. Shunda ham to‘liq taqiq bo‘lmaydi, lekin qandaydir chegaralar qo‘yiladi», — degandi u.