Qarshi shahar harbiy prokuraturasi Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida xizmat qilgan askarning o‘limi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshladi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

«Mazkur holat sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqiladi va natijasi haqida qo‘shimcha xabar qilinadi», — dedi u.

Payshanba kuni Kun.uz 8 aprel kuni harbiy xizmatga chaqirilgan 18 yoshli Ruslan Qidiraliyevning o‘limi to‘g‘risida xabar qildi.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida 18 yashar askarning o‘limiga «yurakning surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi» sabab bo‘lgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda «o‘tkir yurak va qon-tomirlari yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi» ko‘rinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan.

Biroq marhumning yaqinlari bunga ishonishmayapti, deb yozmoqda nashr. Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, unda qandaydir surunkali kasallik bo‘lganida bu tibbiy ko‘riklar vaqtida aniqlanar va uni harbiy xizmatga olishmasdi.

O‘smir yigitning otasi Rinat Sauletov o‘g‘li kasal bo‘lganida uni armiyaga jo‘natmasligini ma’lum qildi.

«Agar bolam kasal bo‘lganda armiyaga jo‘natib o‘tirmasdim. „Ota, Vatanga xizmat qilmoqchiman, yigitlik burchimni bajarmoqchiman“ degani uchun yuborgandim. Bo‘lmasa, pulini to‘lab, bir oylik yig‘inga jo‘natsam bo‘lardi, hozir afsus qilyapman shunga», — dedi u.

Marhumning onasi Gulzira Sauletova o‘g‘li biror bir kasallikdan shikoyat qilmaganini ta’kidladi.

«Qo‘limda uning bolaligidan to armiyaga ketguncha bo‘lgan davrda yuritilgan tibbiy daftarchasi bor, u bolamning surunkali kasalliklari bo‘lmaganini isbotlaydi, — dedi u. — Armiyaga ketishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tganida ham u sog‘lom deb topilgan. Agar tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra u kasal deb topilganda armiyaga jo‘natmagan bo‘lardik, bunday holatda uni armiyaga olishmasdi ham. O‘g‘lim o‘zi bilan birga ko‘rikdan o‘tgan chaqiriluvchilardan birining yuragi sal tezroq urgani uchun uni qaytarib yuborishganini aytib bergandi. Ruslan bilan bunday holat kuzatilmagan».

Ayol avvalo uni armiyaga qabul qilishlariga mutlaqo ishonmaganini aytdi. «Sababi 10 yasharligida qo‘li sinib, qiyshiq bitgandi. Bundan tashqari, ko‘k tomirini ikki marta operatsiya qildirganmiz. Shu sababli uni askarlikka olishlariga ishonqiramaganmiz. Tibbiy komissiyadan o‘tishi uchun kimgadir pul berganimiz yoki tanish-bilishning yordamidan foydalanganimiz yo‘q. O‘tgan yili odamlar pul bilan ham muddatli harbiy xizmatga jo‘natisholmaganini eshitgandik. Shuning uchun o‘g‘limning xizmatga qabul qilinganidan hayron bo‘lgandik», — dedi Gulzira Sauletova.

Askar yigitning otasi Rinat Sauletovning aytishicha, marhum farzandining jasadida momataloq izlari bor. Shuningdek, ota o‘g‘lining qovurg‘a suyaklari singanini ham aytmoqda. Biroq o‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotnomada bular haqida ma’lumot yo‘q.

Nashrning yozishicha, marhum 28 may kuni onasi bilan qo‘ng‘iroqlashgan va «ikki kundan beri komandirlari urmayotgani» haqida xursand bo‘lib gapirib bergan. Ma’lum bo‘lishicha, Ruslan komandirlar kaltaklayotgani haqida avval ham onasiga aytgan, shuningdek, harbiy qasamyod qabul qilganda uni ko‘rishga borgan otasiga ham gap orasida bu haqda aytgan.

Biroq o‘zi ham harbiy xizmat mashaqqatlarini boshdan kechirgan ota o‘g‘liga: «Ayb o‘zingdadir, bekordan bekor urishmasa kerak», deganidan so‘ng bu mavzu yopilganini eslaydi. Ota-onaning taxminicha, farzandlarining jasadidagi momataloq izlari aynan kaltaklashlardan qolgan va ular Ruslanning vafotiga shu narsa sabab bo‘lgan deb o‘ylashmoqda.

Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, marhum mo‘min-qobil, halim yigit bo‘lgan. U birov bilan nizoga boradigan, o‘zidan kattalarga gap qaytaradigan bola emasdi, demoqda ular.

O‘zini askarning komandiri sifatida tanishtirgan shaxs marhumning otasiga 29 may kuni ertalabki soat 9−10 larda qo‘ng‘iroq qilib, Ruslanning tobi qochib gospitalga tushib qolganini aytgan, zudlik bilan Qarshiga yetib kelishni so‘ragan. Holbuki, bu vaqtga kelib allaqachon uning joni uzilgan edi.

Kun.uz Bosh prokuratura axborot xizmatiga tayanib ma’lum qilishicha, Ruslan 29 may kuni soat 07:40 larda nonushtaga tayyorgarlik ko‘rish uchun ertalabki yo‘qlamaga saflangan vaqtida hushini yo‘qotib, saf maydonida yiqilgan. Unga harbiy qismda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, hushiga keltirilgach, Qarshi harbiy gospitaliga yuborilgani keltiriladi. Biroq soat 07:55 larda Qarshi harbiy gospitaliga olib kelingan askarda biologik o‘lim qayd etiladi.

«7:40da hushdan ketgan askarga birinchi yordam ko‘rsatilmaganda ham 15 daqiqada harbiy gospitalga yetkazib borilgani juda shubhali», — deyiladi maqolada.

Askarning otasiga telefon qilgan komandirlardan biri unga o‘g‘li harbiy qism oshxonasida nonushta qilayotganda to‘satdan tobi qochib yiqilib tushganini aytgan.

Marhumning otasi farzandining qon guruhi 2-guruh manfiy ekani, biroq jasadni olib kelgan harbiylar o‘g‘linikiligini aytib tashlab ketgan xizmat kiyimi (forma)da uning qon guruhi 1-guruh musbat ekani qayd etilganini aytmoqda.

«Harbiy qasamyod qabul qilayotgan vaqtda o‘g‘limni ko‘rishga borganimda egnidagi formada qon guruhi 3-guruh musbat deb yozilgandi. Qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin? Ertaga askarlarga bir nima bo‘lib qolsa, qon quyishga to‘g‘ri kelsa, u esa hushida bo‘lmasa, kiyimidagi ma’lumotlar asosida qon quyishadi-ku. Noto‘g‘ri qon quyilishi natijasida u o‘lib qolsa, nima bo‘ladi?! Xonoboddagi harbiy qismda faqat mening o‘g‘limniki emas, boshqa askarlarning formasidagi qon guruhi ham noto‘g‘ri yozilganiga guvoh bo‘lgandim. O‘g‘limdan buning sababini so‘raganimda kimga qaysi forma to‘g‘ri kelsa, shuni kiyib olishgan, boshqa forma yo‘q deb aytgandi», — deydi Rinat Sauletov.

Gulzira Sauletovaning aytishicha, 28 may kuni ikki oylik ta’minot maoshi — sakkiz yuz ming so‘mdan ko‘proq o‘g‘lining plastik kartasiga kelib tushgan. Marhum Ruslan do‘kondan qarzi borligi, borib shuni to‘lab kelishini aytgan.

«Odatda do‘kondan nima olsa, menga telefon qilardi, sms bordimi deb so‘rardi. Plastigini mening raqamimga ulab qo‘ygandi. Shu kuni do‘konga borayotganini aytib telefon qildi, ammo u yerdan qaytgandan so‘ng qo‘ng‘iroq qilmadi. Yuragim juda g‘ash bo‘ldi. Taxminimizcha, o‘sha kuni tunda nimadir sodir bo‘lgan va bu plastikdagi pul bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin», — deydi Gulzira Sauletova.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, plastik ayni vaqtda qayerda, kimning qo‘lida qolganini, undagi pullarga nima bo‘lganini bilishmaydi.