Vazirlar Mahkamasining 2 iyundagi qarori bilan Abdikarimov Bahodir Ganjiyevich Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori lavozimiga tayinlandi, deb xabar berdi O‘zA.

U tayinlovga qadar O‘zbekiston Bosh prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

U 29 may kuni Madaniy meros agentligi direktori lavozimidan ozod etilgan Shaxriyor Nurulloyevning o‘rnini egalladi. Nurulloyev ushbu lavozimda 5,5 oy faoliyat olib borgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil aprel oyida prezident farmoni bilan Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti va xorijdagi O‘zbekiston madaniy boyliklarni o‘rganish markazi asosida Madaniy meros agentligi tashkil etilgandi. Hujjatga ko‘ra, Madaniy meros agentligi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulkini asrash bo‘yicha ishlarning buyurtmachisi sifatida belgilangan.