29 yillik tanaffusdan so‘ng Yevropa va Janubiy Amerika qit’asi chempionlari o‘rtasida Finalissima — 2022 bellashuvi tashkil etildi. Qit’alararo kubok bahsida Argentina va Italiya terma jamoalari bellashishdi.



Finalissima — 2022 kubogi. Foto: Getty Images

Janubiy Amerika chempionlari uchrashuv boshidanoq raqib darvozasi tomon ketma-ket hujumlar tashkil etdi va ikkinchi daqiqadayoq Di Mariya Janluiji Donnarumma qo‘riqlayotgan darvozaga gol kiritishi mumkin edi. O‘z navbatida, tartib-intizom va namunali o‘yin evaziga argentinaliklar tanaffusga ikkita gol farqi bilan chiqib ketishdi.

Lautaro Martines gol urgan vaziyat. Foto: AFP

O‘yinning 28-daqiqasida Lionel Messi Italiya terma jamoasi himoyachisi Di Lorensodan o‘tib, jarima maydoni ichidagi sherigi Lautaro Martinesga qulay uzatma berdi — 1:0. Shundan keyin ham Lionel Skaloning shogirdlari oldinga intilishdi. Tanaffus oldidan Lautaro markazda to‘pni qabul qilib olib, oldinga tashlandi va bitta kross zarba bilan Di Mariyani darvozabon bilan birga-bir holatga chiqarib yubordi. Hujumchi nozik teginish bilan jamoasini tanaffusga 2:0 hisobida chiqishini ta’minlab berdi.

Italiya terma jamoasi ustozi Roberto Manchini tanaffusda uchta o‘zgarishni amalga oshirdi, shu jumladan, faoliyatidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazayotgan Jorjio Kellinini almashtirdi. Ammo bu o‘zgarishlar italiyaliklarning o‘yini o‘zgarishiga yordam bermadi.

Jorjio Kellini Italiya terma jamoasi libosida oxirgi o‘yinini o‘tkazdi. Foto: AFP

«Adzurri» «Uembli»dan EURO-2020 g‘olibi sifatida qaytgandi, biroq shu kuni Italiya terma jamoasining o‘yini o‘xshamadi. Uchrashuv davomida to‘liq ustunlikka erishgan janubiy amerikaliklar bahsning so‘nggi daqiqasida Paulo Dibalaning goli evaziga yirik hisobda g‘alabaga erishdi — 3:0 va Argentina Finalissima — 2022 g‘olibi!

Messi Finalissima — 2022 ning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Foto: AFP

Uchrashuvda Lionel Messi 2 ta assistni qayd etib, qit’a chempionlari o‘rtasidagi finalning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. U shuningdek, faoliyatidagi 40-sovrinni qo‘lga kiritib, Andres Inestani (39) ortda qoldirdi. Messidan faqat Dani Alves oldinda — 46.

O‘z navbatida, Argentina terma jamoasining mag‘lubiyatsiz bellashuvlari seriyasi 32ta o‘yinga yetdi va bu mamlakat rekordi sanaladi. Ma’lumot uchun, bungacha ikki qit’a chempionlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 1985 yili Fransiya, 1993 yili Argentina g‘olib bo‘lgandi.