Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi arafasida Toshkent shahrida ikki mamlakat rasmiylari va ishbilarmonlari ishtirokida O‘zbekiston-Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi ITSV matbuot xizmati.

Forum O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Tojikiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said boshchiligida o‘tkazildi.


Ta’kidlanishicha, tez orada o‘zaro savdo va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni maqsadida «Oybek» va «Fotexobod» nazorat punktlarining yonida «O‘zbekiston — Tojikiston» chegaraoldi savdo-sanoat zonasini tashkil etiladi. Unda ishlab chiqarish obyektlari, logistika markazlari va zarur infratuzilma joylashadi.

«Tadbir doirasida „B2G“ va „B2B“ formatidagi ishtirokchilarning maqsadli uchrashuvlari o‘tkazildi. Forum yakunlari bo‘yicha 1 mlrd 62,6 mln dollarlik 75 savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi», — deyiladi ma’lumotda.

Shuningdek, davlatlarning yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati va energetika kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish borasidagi ishlarni faollashtirish niyatlari ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, bugun Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.