G‘alla maydonlarida yig‘im-terim boshlandi. Shu sababdan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston aholisi, fermer xo‘jaliklari va tashkilot rahbarlarini dalalarda somon poya qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi.

«Somon poya qoldiqlarini yoqish tuproq unumdorligining keskin yomonlashishiga olib keladi, chunki olov unumdor tuproq qatlamidagi mikroelementlarni yoqib yuboradi», — deya ogohlantiradi qo‘mita.

Bundan tashqari, atmosfera havosiga uglerod oksidi, azot oksidi, azot dioksidi, oltingugurt oksidi kabi inson sog‘ligi uchun zararli bo‘lgan zaharli moddalar ajralib chiqadi.

Dalalarda somon poyalarining yonishi nazoratsiz yong‘inlarga, shu orqali odamlarning jarohatlanishiga yoki yig‘ib olinmagan ekinlarning yonib ketishiga olib kelishi mumkin.

Qo‘mita somon poyalari va ularning qoldiqlarining yoqilish holatiga yo‘l qo‘ygan huquqbuzarlarga va yer egalariga nisbatan MJtKning 88-moddasi 3-qismi bilan BHMning 10 barobarigacha (3 mln so‘m) bo‘lgan miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llanilishi hamda yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlarning har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar belgilanishi haqida ogohlantirdi.