1 iyundan O‘zbekiston-Turkmaniston chegalaridagi «Olot» va «Farap» o‘tkazish punktlari odatiy rejimga qaytib, Turkmaniston hududiga xorijiy avtotashuvchilarning kirishi bilan bog‘liq bir qator cheklovlar bekor qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, mazkur kelishuvga O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Ibragimovning Turkmanistonga xizmat safari doirasida Ashxobod shahrida bojxona sohasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan.

Bundan tashqari, ishchi uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida o‘zaro savdoda olib o‘tilgan tovarlar to‘g‘risida ma’lumot almashinuvi bo‘yicha bayonnoma loyihasi hamda bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovar va transport vositalari to‘g‘risida oldindan axborot almashinuvini bo‘yicha texnik shartlar ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, «Olot» va «Farap» o‘tkazish punktlari orqali kuniga kamida 500 ta yuk avtotransport vositalarining harakatlanishini ta’minlashga kelishib olindi.