Qashqadaryoning Qarshi shahrida xavfsizlik kamariga yozilgan jarima sabab to‘polon ko‘targan haydovchilarning 3 nafari qamaldi. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shoxruh Giyasov ma’lum qildi.

26 may kuni Qarshi shahridagi Transport kolleji ro‘parasida xavfsizlik kamariga yozilgan jarimalar sabab bir necha haydovchilar norozilik bilan yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Ichki ishlar organlari holatni o‘rganganda, ular xususiy korxonada ro‘yxatdan o‘tib, kirakashlik qilayotgan 3 nafar haydovchi ekani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat bo‘yicha ma’muriy ishi hujjatlari JIB Qarshi shahar sudiga yuborilgan. Ularning har biriga nisbatan MJtKning 201-moddasi 1-qismi (Jamoat tartibini buzish) bilan 10 sutkadan qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, jamoat tartibini buzish voqeasida qatnashgan 12 nafar haydovchi ham ogohlantirildi.

Avvalroq, mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirgan IIV YHXBB matbuot xizmati taksi haydovchilari «xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga amal qilmasdan, sodir etgan qoidabuzarliklarini bekor qilishni so‘rab mas’ullarga murojaat bilan chiqishganini» qayd etgandi.