31 may kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev «Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosi» media korporatsiyasi prezidenti Jeymi Flay va «Ozodlik» — radiosi o‘zbek xizmati rahbari Pahlavon Turg‘unov (Pahlavon Sodiq) bilan uchrashdi. Bu haqda AOKA matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik vakillari xorijiy OAV vakillariga O‘zbekistonda axborot sohasini liberallashtirish, so‘z va matbuot erkinligi hamda davlat idoralari ochiqligini ta’minlash borasida olib borilayotgan izchil islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi, deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, «mamlakatda xorijiy OAVlarning samarali faoliyati uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan».

Tomonlar uchrashuvda o‘zaro mavjud masalalar, ularni hal etish yo‘llari, shu jumladan «„Ozodlik Radiosi“ tahririyati tomonidan tayyorlanayotgan va chop etilayotgan materiallarning O‘zbekiston qonunchiligi va jurnalist etikasi me’yorlariga mos kelishi» yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirishdi hamda «ushbu masalalarni bartaraf etish borasida bosib o‘tilishi mumkin bo‘lgan qadamlar» haqida fikr almashishdi.

Muloqot davomida «OER / OR» media korporatsiyasi vakillarini respublikada akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham muhokama etildi. Ikki tomon akkreditatsiya bilan bog‘liq masalalarni navbatdagi uchrashuvlarda ko‘rib chiqishga kelishib olishdi.

Bir kun avval Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov radiostansiya vakillari bilan uchrashgani haqida yozgandi.

Foto: Komil Allamjonov.

«Ozod Yevropa Radiosi / Radio Svobodnaya Yevropa («Ozodlik radiosi») mediakorporatsiyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Djeymi Flay va «Ozodlik»ning o‘zbek xizmati bosh muharriri Pahlavon Sodiq bilan navbatdagi, ammo yuzma-yuz uchrashuvni o‘tkazdik. Uchrashuvda hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilindi va har ikki tomon uchun dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi», — dedi u.

«OER / OR» — AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan xalqaro notijorat radiostansiya tashkiloti hisoblanadi. Kompaniya 27 tilda Sharqiy, Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyoning 23 mamlakatidagi auditoriyalarga axborot tarqatadi.

«Tahririyat mustaqilligi AQSh qonunchiligi bilan mustahkamlangan media korporatsiyaning missiyasi — dunyoning so‘z erkinligi va matbuot erkinligi hukumat harakatlariga to‘sqinlik qiladigan mintaqalaridagi tomoshabinlarga muvozanatli ma’lumot berishdir», — deb yozilgan, O‘zbekistonda ko‘p yillardan beri cheklangan radiostansiya saytida.

Jeymi Flay — tashqi siyosat sohasida mutaxassis hisoblanadi. U German Marshall fondi va AQSh Kongressida, AQShning Milliy xavfsizlik kengashi va Mudofaa vazirligida turli lavozimlarda ishlagan. U 2019 yilning avgustida «OER / OR» direktori lavozimiga tayinlangandi. 2020 yilning iyunida esa iste’foga chiqishini e’lon qildi. Ishdan bo‘shatish haqidagi qarorni o‘sha vaqtda «OER / OR» vasiysi — AQShning Global medialar bo‘yicha agentligi rahbari Maykl Pek qabul qilgandi. 2021 yilning fevraliga kelib esa Jeymi Flay yana mediakorporatsiyaning prezidenti va ijrochi direktori lavozimiga tayinlandi.