Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «O‘zgazloyiha» loyiha tashkiloti ustav kapitalidagi 63,4 foiz davlat ulushini 21,5 mlrd so‘mga sotishga rozilik berdi, deb xabar berdi Davaktiv matbuot xizmati.

Ommaviy tender doirasida Prime Tower Group 21,5 mlrd so‘m (1 iyun holatiga ko‘ra MB kursi bo‘yicha qariyb $1,95 mln) taklif qilgan xaridor sifatida tanlandi.

Bunda eng maqbul takliflarni tanlab olish asosida Grant Thornton xalqaro kompaniyasi xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida jalb etilgan va Dentons xalqaro yuridik kompaniyasi huquqiy ko‘maklashgan.

Mulk 2021 yil 29 dekabrda kim oshdi savdosiga qo‘yilgan. Konsultant tomonidan loyihalash, qurilish hamda gaz va neft mahsulotlarini tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi 28 ta mahalliy va xorijiy kompaniyalarga jamiyat faoliyati to‘g‘risidagi investitsiya tizerlari yuborilgan.


Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYADR) ma’lumotlariga ko‘ra, Prime Tower Group MCHJ 2016 yil mart oyida ro‘yxatga olingan. Ustav kapitali 314 mln so‘m bo‘lgan korxona arxitektura sohasida faoliyat yuritadi. Muassislar Nodirbek Ibragimov (60 foiz) va Maxsud Xudayarov (40 foiz).

Prime Tower Group Toshkent shahridagi yirik loyihalarda: Tashkent city'dagi bir nechta lotlarning bosh dizayneri, Toshkent raqamli situatsion markazi, prezident maktablari, «Yangi O‘zbekiston» prezident universiteti, «Choshtepa» mahallasidagi 72ta uy va boshqalarda ishtirok etgan.

«O‘zgazloyiha»da ikkinchi eng katta ulush Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga (34,5 foiz) tegishli.