Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni doirasida 27 maydan davlat muzeylarida xizmat ko‘rsatish va ekspozitsiya turlarini kengaytirish, shuningdek, muzey kolleksiyalarini muhofaza qilishni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari raisligida 26 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda «Ichan-Qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasi, Buxoro davlat muzeyi va boshqa obyektlardagi yirik madaniy boyliklarning qalbakilashtirilishi, madaniy boyliklarning ommaviy talon-taroj qilinishi tanqid qilingandi. 27 maydagi qaror bilan mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, barcha muzeylardagi ashyolar va kolleksiyalarni hamda boshqa fondlardagi madaniy boyliklarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazishning maqsadli rejasini tasdiqlash topshirildi.

Inventarizatsiya Bosh prokuratura bilan hamkorlikda Madaniy meros agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi va Fanlar akademiyasi bilan tuzilgan ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, mazkur idora va tashkilotlarga muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda boshqa madaniy boyliklarni ishonchli muhofaza qilish chora-tadbirlarini kuchaytirish topshirildi. Xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar farmonda qayd etilmagan.

Farmonda yana qanday chora-tadbirlar nazarda tutilgani — «Gazeta.uz»ning qisqacha sharhida.

Toshkent shahridagi muzeylarda ilg‘or tajribalarni sinovdan o‘tkazish

Poytaxt hokimligi tomonidan 1 noyabrga qadar Turkiyaning malakali kompaniyalari ishtirokida shahar budjetining mablag‘lari va qo‘shimcha manbalari hisobidan xizmat ko‘rsatish va servis sohasini joriy etishda namuna sifatida rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ishlar amalga oshiradi. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Davlat tabiat muzeyida yangi ekspozitsiyalar yaratiladi.

Toshkent shahar hokimligi, Madaniy meros agentligi va Fanlar akademiyasiga yangi ekspozitsiyalarni chuqur ilmiy-tarixiy asoslashga e’tibor qaratish topshirildi.

Qo‘shimcha xizmatlarning maqsadli rejasi

2022−2023 yillarga mo‘ljallangan maqsadli rejaga ko‘ra, 27 ta muzeyda ko‘ngilochar dasturlar, konsertlar, «Muzey kechalari», «Ochiq osmon ostidagi festival», hunarmandlardan mahorat saboqlari, sovg‘alar va esdalik buyumlari do‘konlari, internet-do‘konlar, fotosessiyalar uchun maxsus zonalar kabi xizmat turlarini joriy etish va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berildi.

Avvalroq, davlat muzeylariga soat 22:00 ga qadar va tungi vaqtlarda ham xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgani haqida yozgandik. Qolaversa, pulli xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va ular moddiy rag‘batlantiriladi.

2023−2026 yillarga mo‘ljallangan arxeologik yodgorliklarni muzeylashtirishning maqsadli rejasi

2023−2026 yillarga mo‘ljallangan rejaga asosan arxeologik yodgorliklarni konservatsiya qilish, ochiq osmon ostidagi muzeylar tashkil etish va arxeologik yodgorliklarni sayyohlik maskanlariga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Ro‘yxatga Surxondaryo viloyatidagi Dalverzintepa, Andijon viloyatidagi Mingtepa, Toshkentdagi Chilonzor Oqtepa va Yunusobod Oqtepa, Samarqand viloyatidagi Sherozqal’a va Afrosiyob, Qoraqalpog‘istondagi Qo‘yqirilgan Qal’a va Tuprokkal’a, Namangandagi qadimgi Pop (Munchoktepa), Farg‘ona viloyatidagi Quva shaharchasi va boshqa obyektlar kiradi.

O‘zbek xalqi tarixi va davlatchiligiga oid yangi ekspozitsiyalarning manzilli rejasi

22 ta muzeyda Birinchi Uyg‘onish davri arboblariga (mahalliy olimlar Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Muhammad at-Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Bakr Xorazmiy, Abu Abdulloh Xorazmiyning xizmatlari, Ibn Sino, Yusuf Xos Xojib, Ahmad Yassaviy, Ismoil Juozxoniy, Najmiddin Kubro va boshqalar) va Ikkinchi Uyg‘onish davri arboblari (Baxoviddin Naqshband, Xoja Muhammad Porso, Sadiddin Taftazoniy, Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Nizomiddin Shomiy, Sakkokiy, Lutfiy, Ali Qushchi, Xoji Ahror, Mirxond, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqalar), shuningdek, muzeyning ixtisosligiga qarab ekspozitsiyalarning boshqa mavzu va jihatlariga qarab yangi ekspozitsiyalar taqdim etiladi.

Milliy muzey fondining elektron katalogi

Madaniy meros agentligiga 2023 yilning apreligacha muzey ashyolari va kolleksiyalarini elektron tarzda aniqlash, milliy muzey fondining elektron davlat katalogini shakllantirish va yuritish choralarini ko‘rish topshirildi.

Katalogda muzey ashyolarining fotosuratlari va 3D versiyalari bo‘lishi kerak. Ularni monetizatsiya qilish tizimini joriy etish va katalogning madaniy boyliklarni xalqaro qidiruv tizimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ma’lumotlar bazalari va elektron xizmatlar bilan integratsiyalashuvini ta’minlash topshirildi.

Madaniy meros kodeksi loyihasini ishlab chiqish

2023 yil martigacha «Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida», «Arxeologik meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida», «Muzeylar to‘g‘risida» hamda «Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida», Qurolli to‘qnashuvlar yuz berganda madaniy boyliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiya (Gaaga, 1954 yil), Jahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiyalar (Parij, 1972 yil), Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiya (Parij, 2003 yil) va boshqa qonun hujjatlar va xalqaro shartnomalar, qonunlar normalarini umumlashtiruvchi Madaniy meros kodeksi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

ICOM va ICOMOS`ga a’zolik to‘lovlari va hamkorlikni oshirish

Madaniy meros jamg‘armasidan Xalqaro muzeylar kengashi (ICOM) hamda yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xalqaro kengashi (ICOMOS)ga har yili a’zolik badallarini har yili kamida ikkita madaniy meros tashkiloti, shu jumladan muzeylar va 100 nafar mutaxassis uchun to‘lash joriy etilmoqda.

Shuningdek, AQSh, Shveysariya, Gretsiya, Turkiya, Gruziya, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa mamlakatlardagi xorijiy muzeylar va muzey uyushmalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish rejasi tasdiqlandi.