1 iyundan boshlab Toshkent shahri do‘konlarida qolipli non («buxanka») narxi 1400−1600 so‘mdan 2800 so‘mgacha qimmatlashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu o‘zgarish keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holatga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Tezkor o‘rganishlarga ko‘ra, qolipli non uchun eng yuqori narx Toshkent shahrida — 2800 so‘m, Qashqadaryoda viloyatida eng past — 1650 so‘m, respublika bo‘yicha o‘rtacha narx esa 2250 so‘m ekanligi aniqlangan.

«Un mahsuloti joriy yil iyun oyidan boshlab birja savdolariga yetarli miqdorda qo‘yilmoqda va bu jarayon ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Respublikada un mahsuloti zahirasi shakllantirilgan bo‘lib, narx navolarning keskin oshib ketmasligi uchun zarur miqdorda un savdolarga qo‘yib boriladi», — deyiladi xabarda.

Xususan, joriy yil iyun oyida 170 ming tonna un birjaga qo‘yilishi, bunda har bir non ishlab chiqaruvchi uchun teng sharoit yaratish maqsadida kichik lotlarda (3 tonnadan) qo‘yilmoqda. Joriy yil 1 iyun holatida 50,5 ming tonnadan ortiq un mahsuloti qoldig‘i mavjud bo‘lib, avgust oyi uchun ham un ishlab chiqarish uchun korxonalarda zarur don zaxiralari mavjud.

«Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, un mahsuloti realizatsiya qilinishining bozor tamoyillariga asoslangan mexanizmi joriy qilinishi, birinchi navbatda bug‘doy yetishtiruvchi fermer va dehqonlardan tortib, ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar manfaatini ko‘zlab qilingan qadam bo‘lib, ushbu jarayonda shaffof tizim yaratilishi bilan birga, respublikaning eng chekka hududlariga ham mahsulotning yetib borilishi nazoratga olingan», — deyiladi qo‘mita bayonotida.

Shu sababli qo‘mita non ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar hamda aholidan bu borada havotirga tushmasliklarini, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan asoslanmangan ma’lumotlarga ishonib, sun’iy «ajiotaj» vujudga keltirmasliklarini so‘ragan.

Fuqarolardan bozorda sun’iy tanqislik yuzaga kelishi va narxlarning keskin oshib ketish holatlarini kuzatganida, Antimonopoliya qo‘mitasining ishonch telefoniga (71−207−47−00), Iste’molchilar huquqini himoya qilish agentligi Call-markaziga (1159 qisqa raqam) yoki Qo‘mitaning axborot xizmatiga (71) 207−47−00 (ichki 224) murojaat qilishi mumkinligi eslatib o‘tilgan.