Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida xonadondan 27 yoshli erkakning jasadi topilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat bo‘yicha Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, voqea 31 may kuni «Komilon» MFYda sodir bo‘lgan. Fuqaroning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan. Uni o‘ldirganlikda esa 18 yoshli fuqaro ayblanmoqda.

Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (og‘irlashtiruvchi holatda qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Gumonlanuvchiga jinoyat ishi bo‘yicha 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi xavf solmoqda.

Fuqaro protsessual tartibda ushlangan. Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari ketmoqda.