Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi yangi vakolatlarga ega bo‘ldi. Bu O‘zbekiston prezidentining 31 maydagi №PQ-145 farmonida ko‘zda tutilgan.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari keskin tebrangan davrlarda Antimonopoliya qo‘mitasi va agentlik quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

  • ustun mavqeni suiistemol qilish, kelishib qilingan harakatlar va til biriktirishlar, shuningdek, birja savdolariga majburiy qo‘yilishi kerak bo‘lgan monopol va yuqori likvidli mahsulotlarni to‘liq hajmda chiqarmaslik va taklifni qisqartirganlik, manipulyatsiyalar, tovar yoki moliya bozorining barqaror faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilish alomatlari aniqlanganda, hozirgi kalendar yilidagi tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalariga ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritish. Bunda taqdimnomaning uzrsiz sabablarga ko‘ra bajarilmasligi monopoliyaga qarshi kurashish organining ko‘rsatmasini bajarmaslik uchun belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi;
  • narxlarning asossiz o‘sishi, kelishib qilinadigan harakatlar va til biriktirishlar holatlarini aniqlash uchun tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni (biznes-ombudsmanG‘ xabardor etgan holda tashkiliy huquqiy shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning binolariga bevosita kirish hamda ombordagi mavjud zaxiralarini xatlovdan o‘tkazish;
  • aniqlangan oziq-ovqat mahsulotlarining ortiqcha hajmini savdoga chiqarish, asossiz oshirilgan narxlarni pasaytirish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma va ko‘rsatmalar kiritish.

Mazkur davr (narxlar keskin tebranishi) Vazirlar Mahkamasi tomonidan oxirgi 30 kun ichida narxlar Markaziy bank asosiy stavkasiga teng yoki undan baland hajmda oshadigan bo‘lsa, 6 oygacha bo‘lgan muddatgacha belgilanadi.

Antimonopoliya qo‘mitasi va agentlik, shuningdek, ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilarga inson salomatligi, yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulklari uchun xavfli va sifatsiz bo‘lgan tovarlarni respublika hududiga import qilish, realizatsiya qilishni to‘xtatish, muomaladan chiqarish va iste’molchilardan majburiy tartibda qaytarib olish bo‘yicha taqdimnomalar kirita oladi.

Bundan tashqari, iste’mol tovarlari savdosiga ixtisoslashgan savdo komplekslari, tarmoqlari va bozorlarda:

  • Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini manipulyatsiya qilish, asossiz va sun’iy oshirish, ularga bo‘lgan tanqislik va ajiotaj tabalni vujudga kelitirishga qaratilgan g‘ayriqonuniy harakatlarni;
  • Asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga narx-navoni shaklllantirishning belgilangan mexanizmlariga rioya etilishini;
  • Bozorlar va savdo tarmoqlariga kirish bo‘yicha sun’iy to‘siqlar va cheklovlarni aniqlash (o‘rganish) va ularni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritish.

Antimonopoliya qo‘mitasi markaziy apparatida Iste’mol bozorlarida narxlarni monitoring qilish departamenti tashkil etilmoqda. Ichki bozorda iste’mol tovarlraining narxlarini, import konsentratsiyalashuvini, tarif va notarif choralarning narxlarga ta’sirini tahlil qilish hamda savdo faoliyatida raqobatni ta’minlash uning asosiy vazifalari etib belgilandi.